Isroil davlat prokuraturasi Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning rafiqasi Saraga nisbatan jinoiy tergov boshlanganini rasman e’lon qildi.
U erining asosiy guvohlariga qarshi kampaniyalar uyushtirganlikda va sud jarayoniga aralashganlikda gumon qilinmoqda. Tergov 12-telekanaldagi reportajdan so‘ng boshlangan. Jurnalistlar surishtiruvi natijalariga ko‘ra, Sara erining sobiq yordamchisidan Binyamin Netanyaxu ishi bo‘yicha asosiy guvoh bo‘lgan Xadas Klyaynga qarshi norozilik namoyishlari va internet kampaniyasi uyushtirishni so‘ragan.
Tergovga Isroil Bosh prokuraturasining politsiya va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari jalb etilgan. Tergovni boshlash to‘g‘risidagi ko‘rsatmani bosh prokuror Gali Baharav-Miara 26-dekabrda bergan. Sara Netanyaxuning advokati ishni siyosiy motivli va noxolis deb hisoblab, tergovni “siyosiylashtirilgan jodugarlar ovi” deb atagan.
2019-yilda Sara Netanyaxu taxminan 50 ming dollar miqdoridagi davlat mablag‘larini maqsadsiz sarflaganlikda aybdor deb topilgandi. O‘shanda bosh vazirning rafiqasiga 55 ming shekel (15 ming dollar) miqdorida jarima solishga qaror qilingan.
Isroil bosh vaziriga qarshi ayblov
Binyamin Netanyaxuning korrupsiya ishi bo‘yicha sud jarayoni 2020-yil yanvarda boshlandi. Bu Isroil tarixida birinchi marta amalda bo‘lgan bosh vazirning ayblanuvchi sifatida sudga tortilishi edi. Unga firibgarlik, ishonchni suiiste’mol qilish va poraxo‘rlik ayblari qo‘yilmoqda. Netanyaxu o‘ziga qarshi qo‘yilgan barcha ayblovlarni bir necha bor rad etib, o‘zini aybdor deb tan olmagan.
10-dekabr kuni Binyamin Netanyaxu Tel Aviv okrug sudida korrupsiya, firibgarlik va mansabni suiiste’mol qilish bo‘yicha uchta ish yuzasidan birinchi marta ko‘rsatma berdi. U barcha ayblovlarni rad etib, o‘ziga qarshi qo‘zg‘atilgan ishlarni bema’nilik va siyosiy ta’qib deb atadi. Netanyaxu 3-fevral kuni AQShga tashrif buyurishi kutilmoqda. Shu tufayli sud majlisi bir haftaga qoldirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20315 | Инструменты