Huawei 1
Janubiy Koreya KXDR Ukrainadagi urushga qo‘shin yuborishni boshlaganini ma’lum qildi

Janubiy Koreya razvedkasi matbuot xizmatiga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning 1 500 nafar askari allaqachon Uzoq Sharqdagi Rossiya poligonlarida bo‘lib, u yerdan Ukrainaga jo‘nab ketishlari kutilmoqda.

Xususan, razvedka maʼlumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya harbiy xizmatchilari Vladivostok, Ussuriysk, Xabarovsk va Blagoveshenskda joylashgan bo‘lib, ularga rus kiyim-kechaklari va Rossiyaning qalbaki hujjatlari berilgan.

Uzoq Sharqdagi rossiyalik harbiy manba BBC’ga mazkur ma’lumotlarni tasdiqlagan. U, shuningdek, Shimoliy Koreya harbiylarining bir qismi allaqachon yetib borganini va Ussuriysk yaqinidagi harbiy bazalarga joylashganini ma’lum qilgan.

Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Bryusselda nutq so‘zlab, KXDRdan urushga jalb etilishi mumkin bo‘lgan 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi haqida xabar bergan edi.

Nomi oshkor etilmagan manbalarning Janubiy Koreya OAVga aytishicha, gap 12 mingga yaqin harbiy xizmatchi haqida ketmoqda.

Qayd etilishicha, Shimoliy Koreya qo‘shinlari Rossiya texnikasi va o‘q-dorilaridan foydalanmoqda. 2 600 nafar harbiy xizmatchidan iborat birinchi otryad avgust oyida qo‘lga olingan Kursk viloyatiga borishi mumkin.

Bundan tashqari, Janubiy Koreya razvedkasi rasmiylari shimoldan kelgan raketa zobitlari allaqachon jangovar zonada bo‘lib, ruslarga Shimoliy Koreya raketalaridan foydalanishda yordam berayotganini da’vo qilmoqda.

Janubiy Koreya razvedkasi KXDR maxsus kuchlari Rossiyaga topshirilganini isbotlovchi bir nechta sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va fotosuratlarini e’lon qilgan.

Janubiy Koreya va AQSH rasmiylari avvalroq Shimoliy Koreya Rossiyaga ballistik raketalar va boshqa o‘q-dorilar yetkazib berayotganini ma’lum qilgandi.

Moskva va Pxenyan mazkur xabarlarni rad etgan. Kreml, shuningdek, Janubiy Koreyaning KXDR Rossiyaga Ukraina bilan urushida yordam berish uchun qo‘shin yuborgani haqidagi da’volarini ham rad etgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101913 | Инструменты