Jeyms Kemeron kino tarixidagi uchta filmining har biri 2 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan birinchi rejissyor bo’ldi. Ular: “Avatar” va uning davomi bo’lgan “Avatar: Suv yo’li” hamda “Titanik” filmlaridir, deb yozadi The Hollywood Reporter.
Navi xalqi haqidagi franshizaning ikkinchi qismi - “Avatar: Suv yo’li” kinokartinasining daromadi yanvar oyining uchinchi o’n kunligida orzu qilingan chegaradan – 2 mlrd dollardan o’tib ketgan. Bu koronavirus pandemiyasi boshlanganidan keyin ekranlarda paydo bo’lgan barcha filmlar orasida mutlaq rekordga aylandi.
Ushbu lenta inflyatsiyani hisobga olmaganda, ikki milliard dollardan ortiq daromad olishga muvaffaq bo’lgan tarixdagi oltinchi film bo’ldi.
2 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan filmlar:
“Avatar” - 2,9 milliard dollar;
“Qasoskorlar: Intiho” - 2,8 milliard dollar;
“Titanik” — 2,2 milliard dollar;
“Yulduzlar jangi: Kuch uyg'onishi” - 2,1 milliard dollar;
“Qasoskorlar: Abadiyat jangi” - 2,05 milliard dollar;
“Avatar: Suv yo'li” - 2,02 milliard dollar.
Eslatib o'tamiz, “Avatar” filmining davomi butun dunyo bo‘ylab katta ekranlarga 16 dekabrda chiqdi. Birinchi qismning premyerasi 2009-yilda bo'lib o'tgan edi. OAV maʼlumotlariga koʻra, “Avatar: Suv yo'li” filmining budjeti 350-400 million dollarni tashkil qilgan.
Avvalroq, “Avatar 3” ilmiy-fantastik filmining premyerasi 2024-yil yangi yil arafasida, aniqrog'i 19-dekabrda bo'lib o‘tishi va 20-dekabrda esa katta ekranlarda namoyish etilishi e'lon qilingan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40517 | Инструменты