Huawei 1
Jo Bayden: AQSh harbiylari Xitoy bostirib kirgan taqdirda Tayvanni himoya qiladi

AQSh harbiylari Xitoy bostirib kirgan taqdirda Tayvanni himoya qiladi. Buni AQSh prezidenti Jo Bayden 18-sentabr, yakshanba kuni kechqurun CBS telekanalida efirga uzatilgan “60 soniya” dasturiga bergan intervyusida tasdiqladi.

“Xitoy raisi Si Szinpin Tayvanga bo'lgan sadoqatingiz haqida nimani bilishi kerak?” – deb soʻradi boshlovchi Skott Pelli AQSh rahbaridan. “Biz uzoq vaqt oldin imzolagan narsa bilan rozimiz. Yagona Xitoy siyosati mavjud va Tayvan o'z mustaqilligi to'g'risida o’zi qaror qabul qiladi. Biz harakat qilmayapmiz... biz ularning mustaqilligini rag'batlantirmayapmiz. Biz... bu... ularning qarori”, - dedi prezident.

“AQSh orolni himoya qilish uchun o'z qo'shinlarini yuboradimi”, degan savolga prezident: “Ha, agar haqiqatda misli ko'rilmagan hujum bo'lsa”, deb javob berdi. “Demak, Ukrainadan farqli oʻlaroq, Xitoy [Tayvanga] bosqinchilik qilsa, AQSh qoʻshinlari, amerikaliklar Tayvanni himoya qiladimi?”, deya aniqlashtirdi boshlovchi. Va Jo Bayden bu savolga ham “Ha” deb javob berdi.

Oq uy Baydenning Tayvan haqidagi so'zlariga aniqlik kiritdi

Intervyudan so‘ng Oq uy vakili AQShning Tayvanga nisbatan siyosati o‘zgarishsiz qolganini aytdi. 1979-yilda Vashington Pekinni Xitoyning yagona vakili sifatida tan olib, Tayvan bilan diplomatik munosabatlarni rasman tugatdi. Shu bilan birga, materik Xitoy AQShning eng yirik savdo sheriklaridan biriga aylandi.

CBS saytida tushuntirilishicha, “AQSh rasmiy ravishda amerika qo'shinlari Tayvanni himoya qiladimi yoki yo'qmi degan savolda “strategik Ikkilamchilik”ni saqlamoqda, ammo Tayvan bilan munosabatlar to'g'risidagi qonunga ko’ra AQSh Tayvanni o'zini himoya qilish uchun harbiy jihozlashda yordam berishga majbur”.

2022-yil may oyida Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida bilan qo‘shma matbuot anjumanida Bayden Qo‘shma Shtatlar Tayvanni harbiy jihatdan himoya qilishga tayyormi, degan savolga ham ijobiy javob bergan. Shundan so‘ng, Oq uy AQSh prezidenti orolning o‘zini himoya qilish uchun qurol yetkazib berishni nazarda tutganini aytib, tushuntirishlar bergan edi.

Tayvanga qurol sotish

Sentabr oyining boshida AQSh Davlat departamenti Tayvanga 1,1 milliard dollardan ortiq qurol yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni ma’qulladi. Shundan so‘ng, Xitoy konsulligi matbuot xizmati bir qator tvitlarida bu kelishuv Tayvan mustaqilligi tarafdori bo‘luvchi kuchlarga “yolg‘on signallar yuborishi” va AQSh-Xitoy munosabatlariga, shuningdek, Tayvan bo‘g‘ozidagi tinchlik va barqarorlikka xavf tug‘dirishini ta’kidladi.

Eslatib o’tamiz, avgust oyining boshida AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tayvanga kutilmaganda tashrif buyurib, rasmiylar bilan uchrashgan edi. Shundan keyin Xitoy Tayvanga qarshi sanksiyalar joriy etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11808 | Инструменты