Ushbu virus ro‘yxatga olingan mamlakatlar soni esa 80 taga yetdi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi bayonotiga ko‘ra, hozirga qadar maymun chechagi virusi ro‘yxatga olingan mamlakatlar soni 80 taga yetdi. Tekshiruvlar davomida jami 14 ming nafar bemor infeksiyani yuqtirgani tasdiqlangan.
“Shu kungacha mazkur xastalikdan beshta o‘lim holati qayd etilgani haqida bizda rasmiy ma’lumotlar bor. Epidemiyadan zarar ko‘rganlar asosan Yevropada yashovchilar hissasiga to‘g‘ri keladi”, — deydi tashkilot bosh direktori Tedros Gebreyesus.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ba’zi mintaqalarda pasayish tendensiyasi kuzatilyapti, boshqa davlatlarda esa aksincha, bemorlar soni oshib bormoqda.
“O‘tgan hafta davomida epidemiya tarqalgan mamlakatlar soni oltitaga ko‘paydi, — deya so‘zini davom ettiradi JSST rahbari. — Ularda ilk kasallanish holatlari ro‘yxatga olingan.
Biroq ayrim davlatlarda xastalikka aniq tashxis qo‘yish imkoniyati chegaralangan, diagnostika vositalari yetishmaydi. Shu bois tashkilotimiz ularga maymun chechagini aniqlashda qo‘llaniladgan testlar yuboradi”.
Gebreyesusning fikricha, ayni paytda ushbu epidemiyaga qarshi eng samarali kurash vositasi axborot va targ‘ibotdir. Odamlar bu xavfli infeksiya haqida qanchalik ko‘p ma’lumotga ega bo‘lsa, kasallikni jilovlash shu qadar osonlashadi.
Eslatib o‘tamiz, maymun chechagi virusi alomatlari asosan isitma, umumiy intoksikasiya va tanada toshmalar bilan namoyon bo‘lyapti.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21111 | Инструменты