AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset mamlakat kiberqo‘mondonligiga Rossiyaga qarshi rejalashtirilgan hujumkor kiberoperatsiyalarni to‘xtatishni buyurdi. Bu haqda 28 fevral kuni The Record nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Qarorning aniq qachon kuchga kirishi noma’lum, lekin nashr manbalariga ko‘ra, buyruq yaqin kelajakda amalga oshiriladi. Hozirda AQSh kiberqo‘mondonligi “xavf-xatar tahlili”ni o‘tkazmoqda. Tahlil natijalariga ko‘ra, vazir Hegsetga to‘xtatilgan missiyalar va Rossiyadan kelayotgan ehtimoliy kiberxavflar haqida to‘liq hisobot taqdim etiladi.
Hegset o‘z buyrug‘ini AQSh kiberqo‘mondonligi boshlig‘i general Timoti Xo orqali uzatgan. General Xo bu qarorni o‘z o‘rinbosarlari, jumladan, kiberqo‘shinlar operatsiyalarini boshqarayotgan general-mayor Rayan Heritagega yetkazgan. Shu bilan birga, buyruq AQSh Milliy xavfsizlik agentligi (NSA) faoliyatiga ta’sir qilmaydi. NSA Rossiyaga qarshi radiorazvedka ishlarini davom ettiradi.
Ukrainaga yordam beradigan kiberoperatsiyalar ham xavf ostida
The Record manbalariga ko‘ra, AQShning Ukrainaga yordam berish maqsadida o‘tkazgan ayrim operatsiyalari ham to‘xtatilishi mumkin. Ilgari AQSh kibermutaxassislari Kiyevga yuborilgan bo‘lib, ular Ukrainaning raqamli himoyasini kuchaytirish va Rossiyaning razvedka imkoniyatlarini tahlil qilish bilan shug‘ullangan.
Hozirda kiberqo‘shinlar kelajagi noaniq, chunki bu kuchlarning taxminan 6000 xodimi bor va ularning har to‘rtinchisi aynan Rossiya bilan bog‘liq operatsiyalarda ishtirok etadi. AQSh Rossiyani global kiberjinoyatchilik markazi deb hisoblaydi va uning hukumatga bog‘liq xakerlik guruhlari amerikalik xususiy kompaniyalar hamda davlat tashkilotlariga qarshi ko‘plab hujumlarda ishtirok etgan.
Qaror Tramp va Zelenskiy muzokaralari bilan bog‘liq emas
Manbalar ta’kidlashicha, Hegsetning buyrug‘i taxminan bir hafta oldin berilgan va u Donald Tramp hamda Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi tortishuvli uchrashuv bilan bog‘liq emas. Eslatib o‘tamiz, 28 fevral kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan muzokaralar keskin bahsga aylanib, Zelenskiy va uning delegatsiyasi Oq uydan chiqib ketgan edi. Shuningdek, Ukraina bilan qimmatbaho metallar bo‘yicha kelishuv imzolanmagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30120 | Инструменты