Xitoyning “Chjujun” marsoxodi Mars sathi ostidan qadimiy qirg‘oq chizig‘iga oid belgilarni aniqladi. Bu topilma Qizil sayyorada milliardlab yillar oldin okean bo‘lgani haqidagi farazni tasdiqlaydi, deb yozmoqda The Guardian.
Olimlarning bu xulosasiga “Chjujun” tomonidan Mars janubidan olingan yer osti zondlash ma’lumotlari asos bo‘ldi. Ular tog‘ jinslari qatlamlarining pastlik tomonga qiyalashganini aniqladi. Bunday tuzilmalar Yer sayyorasining qirg‘oqlarida ham uchraydi, u suv ko‘tarilishi relefini shakllantiradi.
“Ma’lumotlar qirg‘oq chizig‘i mavjudligi va u vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib borganini ko‘rsatmoqda. Bu suv ko‘tarilishi va pasayishi, to‘lqinlar hamda daryolar olib kelgan cho‘kindi materiallar ta’sirida yuz bergan”, — deb ta’kidladi tadqiqot mualliflaridan biri, Pensilvaniya universiteti professori Benjamin Kardenas.
Uning aytishicha, plyaj Mars okeanining ichkarisiga kamida 1,3 kilometrgacha kirib borgan bo‘lishi mumkin. Olimlar ushbu tuzilma boshqa sabablar, jumladan, vulqon faoliyati, daryolar yoki qum tepaliklaridan yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligini rad etdi.
Kardenasning ta’kidlashicha, Marsning bu qismi qachonlardir suv, havo va quruqlik tutashgan zona bo‘lgan — farazlarga ko‘ra, Yerda ham hayot xuddi shunday joylarda paydo bo‘lgan.
“O‘sha joyni o‘zim borib ko‘rishni istardim”, — deb qo‘shimcha qildi Kardenas.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30120 | Инструменты