Huawei 1
KXSHT davlatlari Qozog‘istonga tinchlikparvarlik kontingentini jo‘natadi

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Kollektiv xavfsizlik kengashi Qozog‘istonga tinchlikparvar kontingent yuborishga qaror qildi. Bu haqda KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashi raisi, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ma'lum qildi.

"Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning murojaati munosabati bilan hamda Qozog‘iston Respublikasining milliy xavfsizligi va suverenitetiga, xususan, tashqi aralashuv natijasida yuzaga kelgan tahdidni hisobga olib, KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi, Kollektiv xavfsizlik shartnomasining 4-moddasiga muvofiq, ushbu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish maqsadida KXSHT kuchlarini cheklangan muddatga Qozog‘iston Respublikasiga yuborishga qaror qildi", — dedi Nikol Pashinyan.

Qayd etilishicha, kecha 5 yanvar kuni Prezident Qosim-Jomart To‘qayev raisligida Xavfsizlik kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda mamlakat rahbari terrorchilik tahdidlarini bartaraf etishda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT)dan yordam so‘ragan.

Shuningdek, To‘qayev Qozog‘istondagi tartibsizliklarga sababchi bo‘lgan terrorchi to‘dalar «mohiyatan xalqaro bo‘lib, ular xorijda jiddiy tayyorgarlikdan o‘tgani, ularning Qozog‘istonga hujumini esa tajovuzkorlik harakati sifatida ko‘rish mumkin va kerak»ligini aytgan.

Shundan so‘ng KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi «mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish maqsadida» tinchlikparvar kuchlarni Qozog‘istonga cheklangan muddatga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ma’lumot uchun, KXSHTga Belarus, Rossiya, Armaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston a’zo.

Eslatib o'tamiz, yakshanba kuni Qozog‘istonda suyultirilgan gaz narxi oshishiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan edi. Mitinglar Janao‘zenda (Qozog‘iston g‘arbidagi Mang‘istau viloyatidagi shahar) boshlanib, keyin boshqa shaharlarda davom etdi. Namoyishlar fonida Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102002 | Инструменты