Isyonchi “23 mart harakati” (M23) Kongo Demokratik Respublikasining sharqidagi eng yirik shahar — Gomani egallaganini maʼlum qildi. Hukumat 2 millionga yaqin odam (shu jumladan, boshqa hududlardan kelgan ko‘chirilganlar) yashaydigan shahar ustiga isyonchilarning yurishini “urush eʼlon qilish” deb baholadi.
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Kongo daryosi alyansi (M23 ushbu alyans tarkibiga kiradi) yetakchisi shunday degan: “Biz Gomani egalladik va askarlarga mahalliy vaqt bilan soat 03:00 gacha taslim bo‘lishni buyurdik.” AP agentligi esa isyonchilar shaharni egallaganliklarini Kongo armiyasi qurolni topshirishi kerak bo‘lgan 48 soatlik muddat tugashiga bir necha daqiqa qolganida eʼlon qilganini qayd etdi.
Goma shahrining holati haqida aniq maʼlumot yo‘q
Reutersning yozishicha, hozircha Goma shahar to‘liq isyonchilar nazoratida ekanligi nomaʼlum. AP xabariga ko‘ra, shahar bo‘ylab otishmalar erta tongdan beri eshitilmoqda. Shu vaqtga kelib Gomada elektr taʼminoti butunlay to‘xtatilgan.
Goma atroflaridagi janglar
25-yanvar davomida Goma shahar chekkasida isyonchilar va Kongo armiyasi o‘rtasida qattiq to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Janubiy Afrika va Urugvaylik bir necha tinchlikparvarlar halok bo‘ldi. O‘tgan hafta isyonchilar Gomaning asosiy taʼminot yo‘llaridan biri bo‘lgan Minova shahrini nazoratga olishdi. Ikki kundan so‘ng ular Kongo armiyasining asosiy mudofaa pozitsiyasi bo‘lgan Sakeni egallashdi.
M23 va xalqaro bosim
M23 isyonchilari 2012 yilda ham Gomani egallashgan edi, ammo o‘n kun ichida Ruandaga nisbatan xalqaro bosim tufayli shaharni tark etishga majbur bo‘lishgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ruandani isyonchilarga qurol yetkazib berishda ayblamoqda. Ruanda hukumati esa bu ayblovlarni rad etib kelmoqda.
Maqola muallifi: D. Jummayeva
Alpha version: 0.9.1.19 build 12807 | Инструменты