Huawei 1
“Markaziy Osiyo kelajagi bo‘yicha umumiy pozitsiyani shakllantirish zarur” — Tojikiston prezidenti

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida so‘zlagan nutqida so‘nggi olti yilda mintaqada hamkorlik rivojlanib borayotganidan mamnunligini bildirdi va buni davlatlar rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi samarasi sifatida baholadi, deb xabar qildi uning matbuot xizmati.

U so‘zida hamkasblarining e’tiborini savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarida dasturlar ishlab chiqish, yirik transport, infratuzilma va logistika loyihalarini amalga oshirish, gidroenergetika resurslaridan samarali foydalanishga, shuningdek, madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro hamkorlik masalalariga qaratdi.

Davlat rahbari mintaqada yashil iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy omillarini ham sanab o‘tdi: elektron tijorat, raqamli texnologiyalar va energetika, ayniqsa, yashil energiya sohalarida hamkorlikni mustahkamlash.

Tojikiston prezidenti “Dunyoda tez o‘zgarishlar yuz berayotgan hozirgi sharoitda Markaziy Osiyo kelajagi bo‘yicha yagona pozitsiyani shakllantirish zarurati bor"ligini aytdi.

Emomali Rahmonning ta’kidlashicha, besh yil davomida mintaqada tovar ayirboshlash hajmi 80 foizdan oshgan va 10 milliard dollardan o‘tgan. Tojikiston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, agar salohiyatdan foydalanilsa, yaqin kelajakda u 20 milliard dollarga yetishi mumkin.

Tojikiston rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlari sanoat vazirlarining birinchi yig‘ilishini kelasi yili Dushanbeda o‘tkazishni taklif qildi.

Emomali Rahmon maslahat uchrashuvlari doirasida har yili “Ekspo — Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasini o‘tkazish foydali ekanini ham ta’kidladi.

O‘sib borayotgan global tahdid va xavflar fonida Tojikiston prezidenti xavfsizlik sohasida hamkorlikning yangi samarali shakllarini ishlab chiqishni taklif qildi. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida yaqin hamkorlik mexanizmlarini yaratish taklifini ilgari surdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91012 | Инструменты