Niderlandiya Madaniyat vazirligi Nigeriya hukumatining so‘roviga binoan ushbu mamlakatga uning 113 ta madaniy va tarixiy merosi — Benin bronzalarini qaytaradi.
Niderlandiya madaniyat vaziri Eppo Breynsning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qaror bilan mamlakat «tarixiy adolatsizliklarni tuzatish»ga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Benin bronzalari — XV-XIX asrlarda Benin qirolligi (hozirda Nigeriya hududiga to‘g‘ri keladi) ustalari tomonidan bronza hamda latundan yasalgan buyumlardir. 1897 yilda qirollik yerlariga Britaniya qo‘shinlari kirib, beninliklar isyonini bostirgan va u yerdan madaniy yodgorliklar hamda xazinalarni Buyuk Britaniyaga olib ketgan.
Shundan buyon ushbu predmetlar Yevropa muzeylarida, jumladan, Leydendagi Jahon etnografik muzeyi kolleksiyasi saqlanib kelmoqda. Leyden muzeyi Nigeriyaga qaytaradigan 113 ta artefakt orasida bronza va latundan yasalgan shakllar, soch uchun mo‘ljallangan taqinchoqlar va boshqa buyumlar mavjud. Bundan tashqari, 1897 yilda Benindan olib chiqib ketilgan yana oltita artefaktni Rotterdam munitsipaliteti qaytaradi.
So‘nggi yillarda Nigeriya hukumati muntazam ravishda Yevropa muzeylariga murojaat qilib, artefaktlar o‘z vataniga qaytarilishini talab qilmoqda. Ayrim holatlarda ular muvaffaqiyatga erishyapti. 2023 yilda Kyolndagi Rautenshtraux-Yost etnografik muzeyi, 2022 yilda esa Londondagi Xorniman muzeyi o‘z kolleksiyalaridagi ayrim buyumlarni Nigeriyaga qaytargan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22209 | Инструменты