Kimyo terapiya saratonning ko‘plab turlarini davolashning eng yaxshi usullaridan biri hisoblanadi. Ammo, afsuski, uning yon taʼsiri butun tanada, shu jumladan miyada ham seziladi.
Bemorlarda xotira, diqqatni jamlash va qaror qabul qilish bilan bog‘liq muammolar kuzatilishi mumkin. Bu esa ularning fikrlash va xatti-harakatlarida namoyon bo‘ladi. Garchi mazkur holat odatda kimyo terapiya tugaganidan keyin yo‘qolsa-da, bir necha oy davomida kundalik hayotga taʼsir etadi.
Massachusets texnologiya instituti (MIT) olimlari tomonidan olib borilgan yangi tadqiqot ushbu nojo‘ya taʼsirlarni davolashning juda oddiy usulini kashf etgan bo‘lishi mumkin va eng muhimi, bu kimyo terapiyaga qaraganda kam invazivdir. Buning uchun har kuni miltillovchi chiroqlarga qarash va maʼlum bir chastotali tovushlarni tinglash kifoya.
Tajribalar yorug‘lik va tovush terapiyasidan so‘ng yallig‘lanishning, asab tizimining degeneratsiyasiga olib kelishi mumkin bo‘lgan toksik oqsillarning kamayganini hamda kognitiv testlarning yaxshilanganini ko‘rsatdi.
Kimyo terapiya kursi davomida har kuni gamma-to‘lqin terapiyasini olgan tajriba obyektlarida aks alomatlarning barchasi sezilarli darajada pasaygan. Ularning xotirasi va ijro etuvchi funksiyalarini o‘lchash bo‘yicha testlar ancha yaxshi natijalarni ko‘rsatgan.
Shuningdek, tadqiqotchilar gamma-to‘lqin terapiyasi bilan davolanganda yallig‘lanish va hujayralar nobud bo‘lishi bilan bog‘liq genlar susayganini aniqladilar.
Foydali taʼsirlar davolanishdan keyin to‘rt oy davomida hech bo‘lmaganda qisman davom etishi kuzatildi. Bundan tashqari, ushbu yangi usul kimyo terapiyadan keyin emas, balki u bilan bir vaqtning o‘zida qo‘llanilganda ancha yaxshi natija berishi qayd etildi.
Bu usul barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tsa, u bemorlarda kimyo terapiyani amalga oshirishning standart qismiga aylanishi, shu bilan hayotiy muhim davolanishning yoqimsiz tomonlarini kamaytirishi mumkin.
Tadqiqot “Science Translational Medicine” jurnalida chop etilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110717 | Инструменты