Huawei 1
Prezident “O‘ztransgaz”, “O‘zmetkombinat” va “O‘zsuvta’minot” rahbarlarini qattiq ogohlantirdi

Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Unda investitsiya masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Ochiqlik va kuchli investitsiya siyosati natijasida iqtisodiyotimiz barqaror o‘sib kelayotgani taʼkidlandi.

Xususan, 2024 yilda yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga oshib, 115 milliard dollarga yetdi, xorijiy investitsiya 1,6 barobar o‘sib, 34,9 milliard dollarni tashkil qildi, qiymati 10 milliard dollarlik 242 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushdi, eksport ilk bor 27 milliard dollarga chiqdi.

O‘tgan yili 50 ta tumanga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kirib keldi (2023 yilda bunday tumanlar 11 ta edi).

Davlatobod, Yangi Namangan, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Shayxontohur tumanlari, Namangan va Samarqand shaharlarida investitsiyalar 300 million dollardan oshgan.

Tog‘-kon, neftgaz, kimyo, qishloq xo‘jaligida reja 2 karra ortig‘i bilan bajarildi.

Shu bilan birga, yetarli sharoit bo‘la turib, investitsiya rejasi to‘qimachilikda 17 million dollarga kam bajarilgani, investitsiya “O‘ztransgaz” va “O‘zmetkombinat”da 2 barobar, “O‘zsuvtaʼminot”da 20 foizga pasaygani ko‘rsatib o‘tildi.

Ushbu tashkilotlar rahbarlari shu yil birinchi chorakda o‘zgarish qilmasa, ularning faoliyatiga baho berilishi haqida qattiq ogohlantirildi.

Ekologiya, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari, Davlat aktivlari, Farmatsevtika va O‘rmon xo‘jaligi agentliklarida grant olib kelish rejasi 25 foizga ham bajarilmagani, Qurilish, Transport, Madaniyat vazirliklari, Turizm qo‘mitasi olib kelgan granti esa 10 million dollardan past bo‘lgani tanqid qilindi.

Umuman, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Sog‘liqni saqlash, Transport, Sport, Oliy taʼlim, Madaniyat, Ekologiya, Qishloq xo‘jaligi, Raqamli texnologiyalar, Qurilish vazirliklarining investitsiya va grant olib kelishi bor imkoniyatlarga mutlaqo mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Salohiyati yuqori bo‘lgan Fransiya, Yaponiya, Italiya, Vengriya, Malayziya, Ispaniyadan o‘tgan yili 100 million dollar ham investitsiya kelmagani qayd etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11621 | Инструменты