Qozog‘istonda jinoyatda gumonlanuvchilarni qamoqqa olish o‘rniga ularga elektron bilaguzuklar taqish ko‘paydi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmatiga tayanib, “KazTAG” xabar berdi.
2024-yilda uy qamog‘iga olinganlarning 60 foiziga elektron kuzatuv vositalari qo‘llanilgan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 3 foizdan oshmagan, deyiladi xabarda.
Atigi o‘n oy davomida sudlar tomonidan 505 ta bilaguzuk qo‘llanilgan. 2021-yilga nisbatan uy qamog‘i 860 tadan 1911 taga yoki ikki baravarga, garov evaziga ozod etish esa to‘rt baravarga (59 tadan 214 taga) oshdi.
Elektron bilaguzuk qanday ishlaydi?
Bilaguzukni mustaqil ravishda olib tashlash mumkin emas. Gadjetning xavfsizlik tizimi buzishga urinish yoki unga zarar yetkazilishi haqida darhol xabar beradi. U xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan mahkamlanadi va uning maxsus kaliti bor.
Bundan tashqari, gumonlanuvchi bilaguzukni kesolmaydi, chunki tasma bo‘ylab sensor mavjud. U ko‘rinishidan oddiy elektron soatga o‘xshaydi, sana va vaqtni ko‘rsatadi. Xaritada esa xavfsizlik xodimlari har bir bilakuzukni ko‘rib turadi va gumonlanuvchi belgilangan chegara doirasidan chiqib ketmasligini nazorat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112519 | Инструменты