Rossiya Ukrainaga o‘rta masofaga mo‘ljallangan “Oreshnik” ballistik raketasi uchirilishidan yarim soat oldin AQSHni ogohlantirgan. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Rossiya tomoni amerikaliklarni avtomatik ravishda ishlaydigan va AQSHning xuddi shunday tizimi bilan aloqa qiladigan Rossiya Yadroviy xavfni kamaytirish milliy markazi orqali “Oreshnik” ishga tushirilishi haqida ogohlantirdi. Ogohlantirish raketa uchirilishidan 30 daqiqa oldin avtomatik rejimda yuborilgan”, dedi Peskov.
Uning aytishicha, Rossiya bu haqda hech kimga xabar berishi shart emas, chunki gap o‘rta masofaga uchuvchi raketa haqida ketmoqda. Rossiyaning bunday majburiyatlari yo‘q.
Pentagon matbuot kotibi brifingda Qo‘shma Shtatlar Rossiya tomonidan yadroviy xavfsizlik kanallari orqali “Oreshnik” uchirilishi haqida ogohlantirilganini tasdiqladi. Oq uy matbuot kotibi Karine Jan-Perning aytishicha, AQSH "so‘nggi kunlarda Ukraina va eng yaqin ittifoqchilarini hujum xavfidan xabardor qilgan".
Jan-Perning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaga yangi zarba AQSHni hech qanday tarzda yadro quroli siyosatini o‘zgartirishga majburlamaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112303 | Инструменты