Rossiya Adliya vazirligi «chet el agentlari» ro‘yxatini «Idite lesom» inson huquqlari loyihasi va olti nafar fuqaro bilan kengaytirdi. Bu xabar 17 yanvar, juma kuni idora veb-saytida e’lon qilindi.
«Idite lesom» loyihasi 2022 yil kuzida rossiyaliklarga Ukrainadagi urushga safarbarlikdan qochish va mamlakatni tark etishga yordam berish uchun yaratilgan. Rossiya Adliya vazirligi uning mualliflarini Rossiya rasmiylarining «qarorlari va siyosati haqida soxta ma’lumotlarni tarqatishda», Rossiya armiyasining «salbiy imijini shakllantirishda» va «maxsus harbiy operatsiyaga qarshi turishda» aybladi. Loyiha asoschisi Grigoriy Sverdlin avvalroq chet el agentlari reyestriga kiritilgan edi.
Bundan tashqari, 17 yanvar kuni jurnalistlar Kseniya Kiriya, Anastasiya Lotareva, Andrey Kozenko, Irina Romaliyskaya, Anton Rubin, shuningdek, Berlindagi Karnegi markazining Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari bo‘yicha xodimi Aleksandra Prokopenko «chet el agentlari» deb e’lon qilindi. Ular «chet el agenti» kontentini yaratish va tarqatish, shuningdek, «hokimiyatga qarshi feyklar» va Ukrainadagi urushni tanqid qilishda ayblanmoqda.
Rossiyada «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun
Rossiyada «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunchilik 2012 yilda paydo bo‘lgan. O‘shandan beri bir necha yuzlab tashkilotlar va shaxslar taqiqlanganlar ro‘yxatiga qo‘shildi. Jismoniy shaxslar – «chet el agentlari» reyestri 2022 yil aprel oyi boshida ishga tushirilgan bo‘lib, NNT – «chet el agentlari», ommaviy axborot vositalari – «chet el agentlari» va ro‘yxatdan o‘tmagan tashkilotlar – «chet el agentlari» ro‘yxati bilan birga to‘rtinchi ro‘yxat bo‘ldi.
2022 yil dekabr oyidan boshlab qonun Rossiya rasmiylariga ko‘ra, «chet eldan ko‘mak oladigan» va «chet el ta’siri ostida» bo‘lganlarni «chet el agentlari» deb e’lon qilishga ruxsat beradi.
2024 yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya fuqarolari va kompaniyalariga «chet el agentlari» resurslarida – ularning veb-saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarida, bloglarida va boshqa platformalarda reklama joylashtirishni taqiqlovchi qonunni imzoladi. Yangi qonun, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida va internetda «chet el agentlari» resurslarini reklama qilishni ham taqiqlaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11818 | Инструменты