Rossiya nefti ortilgan uchta tanker 10 yanvar kuni AQSh sanksiyalariga uchraganidan keyin Sariq dengizning Xitoy sharqidan o‘tgan suvlarida to‘xtab qoldi, deb xabar beradi Bloomberg.
Huihai Pacific va Mermar nomli tankerlar Panama, Olia tanker esa Gabon bayrog‘i ostida harakatlangan.
Kpler tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, kemalarning uchalasi ham Rossiyaning Kozmino portidan yanvar boshida chiqqan. Umumiy hisobda ular 2 million barreldan ortiq neft olib ketayotgan bo‘lgan. Huihai Pacific 15 yanvar kuni Xitoyning Shandun portiga, qolgan ikkitasi Yantay portiga yetib kelishi kerak edi.
AQSh Moliya vazirligi tomonidan 10 yanvar kuni Rossiya neft-gaz sohasiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar paketida ushbu RFning tankerlari belgilangan qiymatdan yuqori narxdagi neftni tashuvchi «soyadagi flot» deb atalgan. Bundan tashqari, sanksiyalar asosida Olia tanker Eron neftini ham tashigani keltirilgan.
Reuters agentligi 8 yanvar kuni Xitoy AQSh sanksiyalari tufayli neft tankerlari uchun asosiy portlarni yopayotgani to‘g‘risida xabar bergandi. Xususan, sharqiy sohildagi asosiy portlarni boshqaruvchi Shandong Port Group sanksiyalar ostidagi tankerlarning u yerga kirishini taqiqlab qo‘ygan. Mazkur portlar orqali sanksiyalar ostidagi neftlar Xitoyga uchta davlat — Rossiya, Eron va Venesueladan import qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11401 | Инструменты