Ukrainadagi tinchlik jarayoni Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingina boshlanadi, dedi AQSH davlat kotibi Marko Rubio 16 may, juma kuni. «Bu qachon va qayerda bo‘lishini bilmayman, ammo bu hozircha yagona imkoniyat. (...) Biz bir necha oylik ish davomida bilib oldikki, prezident Tramp Vladimir Putin bilan bir stolga o‘tirmaguncha hech narsa bo‘lmaydi», dedi u Fox News efirida.
Vladimir Putinning Istanbulda Ukraina tomoni bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarda qatnashishdan bosh tortganiga izoh berar ekan, Donald Tramp ham uning Rossiya prezidenti bilan uchrashuvisiz Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha muzokaralarda oldinga siljish bo‘lmasligini taʼkidladi. «Shubhasiz, u (Putin) bormoqchi emas edi. U buni qilmoqchi edi, lekin men boraman deb o‘ylagandi. Men bo‘lmaganim uchun u bormadi», — dedi Tramp Qatardan BAAga uchayotgan prezidentning Air Force One samolyoti bortida jurnalistlarga.
Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu uchrashuv imkon qadar tezroq bo‘lib o‘tishi kerak, «chunki juda ko‘p odam nobud bo‘lmoqda». Putinning Istanbuldagi Rossiya delegatsiyasi tarkibiga kiritilmaganidan hafsala pir bo‘ldimi, degan savolga AQSH prezidenti: «Mening umuman hafsalam pir bo‘lmadi», deb javob berdi. U Ukraina bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Turkiyaga yuborilgan Rossiya delegatsiyasi aʼzolari haqida «maʼlumot olmaganini» taʼkidladi.
Rossiya-Ukraina muzokaralari oldidan Donald Tramp, agar bu yordam bersa va har ikki yetakchi – Rossiya va Ukraina Istanbulga kelsa, Yaqin Sharqqa safarini to‘xtatish mumkinligini inkor etmadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51619 | Инструменты