Huawei 1
Shimoliy Koreyaning 18 nafar harbiylari Rossiya armiyasidan qochib ketdi

Rossiya armiyasi safiga jalb qilingan 18 nafar Shimoliy Koreya harbiylari Ukrainaning Bryansk va Kursk viloyatlari bilan chegarasidagi pozitsiyalaridan qochib ketgan. Bu haqda Ukraina razvedkasidagi manbalar xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bu Ukraina bilan davlat chegarasidan 7 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan. KXDR harbiylarining qochish sabablari hozircha aniqlanmagan.

“Rossiya harbiylari ularni qidirishni boshlagan, biroq ular bu maʼlumotni oliy qo‘mondonligidan yashirishga harakat qilmoqda”, deyiladi xabarda.

Rossiya armiyasining 11-alohida gvardiya desant-shturm brigadasi negizida KXDR fuqarolaridan iborat bo‘lgan, “maxsus buryat batalyoni” deb nomlangan harbiy bo‘linma tashkil etilmoqda. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, shaxsiy tarkibning taxminiy soni 3000 nafarni tashkil etadi.

Batalyonda o‘qotar qurollar va o‘q-dorilar bilan ta’minlash jarayoni olib borilgan. Taxminlarga ko‘ra, ushbu bo‘linma Rossiyadagi Suja aholi punkti va Kursk shahri yaqinidagi jangovar vazifalarni bajarishga jalb etilishi mumkin.

KXDRning Rossiya-Ukraina urushidagi roli

2024-yil yanvar oyida Shimoliy Koreya Rossiyaga qurollar berayotgani haqida dastlabki dalillar paydo bo‘ldi. Ekspertiza yanvar oyi boshida rossiyaliklar Xarkovga aynan Shimoliy Koreya raketasi bilan zarba berganini tasdiqladi. Bundan tashqari, Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR 1970-1980-yillarda Rossiyaga bir yarim million artilleriya o‘q-dorilarini jo‘natgan.

Iyun oyida esa RF va KXDR keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan. U Pxenyan yoki Moskvaga qarshi tajovuz qilingan taqdirda o‘zaro harbiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Shimoliy Koreya Rossiya armiyasiga nafaqat qurol-yarog‘, balki shaxsiy tarkib ham yetkazib berishini aytgan. 2023-yili Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka bosh boshqarmasi Shimoliy Koreya harbiylarining cheklangan kontingenti, xususan, muhandislik qo‘shinlari bo‘linmalari Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududiga kelgani haqida xabar bergandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101615 | Инструменты