Rossiyaning "Azimut" aviakompaniyasining Sochidan uchgan Sukhoi Superjet 100 samolyoti Turkiyaning Antaliya shahri aeroportiga qo‘nganidan so‘ng yonib ketdi. 24 noyabr, yakshanba kuni sodir bo‘lgan voqeani Rosaviatsiya matbuot kotibi Artem Korenyako o‘zining Telegramʼdagi kanalida tasdiqladi.
Keyinroq u Rossiyaning Antaliyadagi bosh konsulligiga tayangan holda aniqlik kiritishicha, hodisa oqibatida samolyot yo‘lovchilaridan hech biri jabrlanmagan. Samolyot komandiri yo‘lovchilarni maxsus traplar yordamida evakuatsiya qilishga qaror qildi. Aviakompaniya qurbonlar yo‘qligini tasdiqladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, "Azimut" ortga qaytish uchun zaxira samolyot tayyorlamoqda. Turkiya Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, samolyotda 95 kishi bo‘lgan. Antaliya aeroporti bortda 91 kishi bo‘lganini ma’lum qildi.
Korenyakoning so‘zlariga ko‘ra, kemadagi yong‘in Turkiya aeroportining qutqaruv guruhi tomonidan tezda o‘chirilgan.
AirportHaber Turkiya aviatsiya portali xabariga ko‘ra, Superjet 100 dvigateli yonib ketgan. Mash Telegram-kanalining yozishicha, samolyot qo‘nish vaqtida chap qanoti bilan uchish-qo‘nish yo‘lagiga urilgan bo‘lishi mumkin.
Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Superjet kuchli yomg‘ir va shamol tufayli noqulay ob-havo sharoitida qattiq qo‘nganidan so‘ng yonib ketgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112511 | Инструменты