Huawei 1
Tadqiqot: JSST havo tozaligi standartlariga faqat 7 ta davlat javob beradi

Faqat yetti mamlakat Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) havodagi PM2.5 mayda zarrachalari bo‘yicha ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasi talablariga javob beradi. Eng ifloslangan shaharlar Markaziy va Janubiy Osiyoda joylashgan. Shveytsariyaning atrof-muhit sifatini nazorat qiluvchi IQAir kompaniyasi tadqiqotchilari shunday xulosaga keldi.

Havosi eng toza mamlakatlar qatoriga Avstraliya, Bahama orollari, Barbados, Estoniya, Grenada, Islandiya va Yangi Zelandiya kirdi, deyiladi kompaniya saytidagi hisobotda. Ularda PM2.5 zarrachalari miqdorining o‘rtacha yillik darajasi 1 kubometr uchun 5 mkg dan oshmaydi.

Havosi eng ifloslangan beshta davlat qatoriga Chad, Bangladesh, Pokiston, Kongo Demokratik Respublikasi va Hindiston kirdi. U yerda o‘rtacha yillik emissiya darajasi me’yordan 10 barobardan ortiqroq. Eng ifloslangan o‘nta shahardan oltitasi Hindistonda. Ulardan eng iflosi mamlakat shimolidagi Birnixat kichik sanoat shaharchasidir. U yerda PM2,5 o‘rtacha yillik konsentratsiyasi 128,2 mkg/m³ ni tashkil etgan - bu me’yordan 36 baravar yuqori. Shuningdek, Hindiston poytaxti Yangi Dehli dunyodagi eng ifloslangan poytaxt hisoblanadi.

Rossiyaning eng ifloslangan shaharlari beshtaligiga Vladivostok, Kamensk-Shaxtinskiy (Rostov viloyati), Ryazan, Krasnoyarsk va Reutov (Moskva viloyati) kirdi.

Tahlilchilar Okeaniyani dunyodagi eng toza hudud deb e’tirof etdi. U yerda o‘nta shahardan oltitasi (57%) havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha JSST standartlariga javob beradi. Dunyo miqyosida PM2.5 o‘rtacha yillik konsentratsiyasi shaharlarning atigi 17 foizida standartga javob beradi. Shu bilan birga, tahlilchilarning qayd etishicha, ayrim mamlakatlarda atrof-muhit monitoringi tizimi yetarli emas. Misol uchun, Afrikada har 3,7 million kishiga bitta stansiya to‘g‘ri keladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31218 | Инструменты