Huawei 1
The National: Isroil bilan kelishuv Livanga 60 kun ichida prezident saylash majburiyatini yuklaydi

Livan Isroil bilan 60 kunlik sulh doirasida 2022-yil oktyabr oyidan beri bo‘sh turgan davlat rahbari lavozimiga prezident saylashi kerak. Bu haqda Livan razvedka xizmatlaridagi manbalarga tayanib, The National nashri xabar berdi.

“Kelishuvga olib kelgan muzokaralar davomida vositachilar bilan 60 kunlik sulh davomida Livan nihoyat prezidentni saylashi kerakligi kelishib olindi”, dedi nashrga Livan xavfsizlik xizmatining yuqori lavozimli amaldori.

Deputatlar palatasi spikeri Nabih Berri “otashkesimdan so‘ng darhol respublika prezidentini saylash bo‘yicha yig‘ilish sanasini belgilashini” ta’kidlagan. Spikerga ko‘ra, kengash 9-yanvarga belgilanishi rejalashtirilmoqda.

Livanda prezidentlik lavozimi 2022-yil 31-oktyabrdan beri general Mishel Aun olti yillik vakolat muddati tugagach, Baabda prezidentlik saroyini tark etganidan so‘ng bo‘sh qolgan.

Joriy yilning 14-iyun kuni parlament a’zolari respublika rahbarini saylash uchun 12-marta urinishdi. Biroq nomzodlarning hech biri g‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan —128 tadan 65 ta ovoz to‘play olmagan.

1943-yilda nasroniylar va musulmonlar o‘rtasida qabul qilingan Livan hukumatining konfessiyaviy tamoyillari to‘g‘risidagi milliy paktga ko‘ra, maroniy nasroniy mamlakat prezidenti, sunniy musulmon bosh vazir, shia musulmon esa parlament raisi etib saylanishi kerak. Prezident yo‘qligida davlat hokimiyati bosh vazir va uning kabineti boshqaruvida bo‘ladi. Biroq Najib Mikatiy muvaqqat hukumati cheklangan vakolatlarga ega bo‘lib, Livandagi siyosiy va iqtisodiy tanglikni yanada kuchaytirmoqda.

Isroil va Livan o‘rtasida 2023-yil oktyabr oyida harbiy harakatlar boshlanganidan beri birinchi sulh kelishuvi 27-noyabr kuni ertalab kuchga kirdi.

Sulh mazmuni

Sulh Livandagi BMT muvaqqat kuchlari ko‘magida Livan armiyasining janubiy chegara bo‘ylab uchastkalarni bosqichma-bosqich nazorat qilishni nazarda tutadi. O‘z navbatida, Isroil ikki oy ichida Livandan o‘z harbiylarini olib chiqishi shart. “Hizbulloh” BMT Xavfsizlik kengashining 1701-rezolyutsiyasiga muvofiq Livanning janubidagi ishtirokini to‘xtatib, Litani daryosining shimolidan chekinishi kerak bo‘ladi.

26-noyabr kuni Isroil harbiy-siyosiy mahkamasi bosh vazir Binyamin Netanyaxu tomonidan tuzilgan “Hizbulloh” bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejasini tasdiqladi. AQSH prezidenti Jo Bayden kelishuv Vashington tashabbusi bilan erishilganini aytdi.

Kelishuv, shuningdek, Isroil armiyasining mahalliy fuqarolarga “xavfsizlik uchun” chegara bo‘ylab evakuatsiya qilingan shahar va qishloqlarga bormaslik haqidagi rasmiy ko‘rsatmalariga zid ravishda sodir bo‘ldi.

Livandagi ko‘chirilgan aholining optimizmi asosan mahalliy siyosatchilar tomonidan rag‘batlantirildi. Tinchlik muzokaralarida “Hizbulloh” nomidan qatnashgan parlament spikeri Nabih Berri fuqarolarni janubiy hududlarga, “o‘z yurtlariga” qaytishga chaqirdi.

Isroil mudofaa vaziri Isroil Katsning ta’kidlashicha, harbiylar imkon qadar qattiqqo‘l harakat qilish, xususan, “sanitariya zonasi”ni buzganlar xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan taqdirda ularni otib o‘ldirish huquqiga ega.

Falastinning HAMAS harakati vakillari ham ushbu xabarga ijobiy munosabat bildirdi.

“Umid qilamizki, bu kelishuv G‘azoda xalqimizga qarshi qirg‘in urushini tugatishga olib keladigan kelishuvga erishish uchun yo‘l ochadi, dedi harakat vakili Sami Abu Zuhriy.

HAMAS G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha harakatlarga ochiqligini tasdiqladi. Harakatning ismini oshkor etmagan vakili Isroilni kelishuvga to‘sqinlik qilishda aybladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 113012 | Инструменты