2024 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 12,6 mlrd dollarni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 foizga ko‘paydi. Bu Markaziy bankning Jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari bo‘yicha qisqacha sharhida keltirildi.
Mablag‘larning 78 foizi Rossiyadan (9,8 mlrd dollar) kelib tushgan bo‘lib, 2023 yilning mazkur davriga nisbatan 35 foizga oshgan. Mazkur transfertlarning qolgan qismi Qozog‘iston (699 mln dollar), AQSH (470 mln dollar), Janubiy Koreya (458 mln dollar), Turkiya (331 mln dollar), Buyuk Britaniya (109 mln dollar) va boshqa mamlakatlardan o‘tkazilgan.
2024 yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmida kuzatilgan o‘sish trendi asosan mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi asosiy hamkor mamlakatlarda iqtisodiy faollik va ish haqi miqdorining oshishi hamda rivojlangan mamlakatlarga mehnat migratsiyasi oqimi ko‘lamining ko‘payishi bilan izohlanadi.
Misol uchun, internet platformalaridagi maʼlumotlarga ko‘ra, Rossiyada mehnat muhojirlari faoliyat yuritadigan asosiy sohalarda taklif qilinayotgan ish haqi miqdori o‘rtacha 38 foizga oshgan.
Jumladan, ish haqi miqdori qurilish sohasida 55 foiz, yetkazib berishda 48 foiz, taksi va restoran xizmatlarida 46 foiz hamda yuk tashish sohasida 14 foizgacha ko‘paygan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston migratsiya agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2024 yil boshidan ishlash istagida bo‘lgan 113 ming nafardan ziyod fuqarolar, asosan, rivojlangan mamlakatlarga rasmiy, xavfsiz hamda uyushgan holda ishga yuborilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,6 barobarga oshgan. Mazkur holat O‘zbekistonga xorijdan jo‘natilgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmida ham namoyon bo‘lmoqda.
Xususan, 2024 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan AQSHdan 37 foizga, Janubiy Koreyadan 71 foizga, Buyuk Britaniyadan 76 foizga hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 41 foizga o‘sish kuzatildi.
Shuningdek, 2024 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning 7 mlrd dollari anʼanaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali (2023 yilga nisbatan o‘sish 19 foiz), 4,9 mlrd dollari xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri (P2P) o‘tkazmalari orqali (o‘sish 52 foiz) hamda 650 mln dollari bank o‘tkazmasi (SWIFT) orqali (o‘sish 2,4 barobar) amalga oshirilgan (3-diagramma).
Bunda, 2024 yilda xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri (P2P) kelib tushgan mablag‘larning jami o‘tkazmalar hajmidagi ulushi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foiz bandga (39 foizgacha) oshdi.
2024 yil boshidan P2P (onlayn) pul o‘tkazmalari ko‘lamining sezilarli darajada oshishi transchegaraviy to‘lov tizimlari infratuzilmasining rivojlanishi hamda jismoniy shaxslar orasida mazkur xizmatlarning keng ommalashuvi bilan izohlanishi mumkin. Xususan, 2024 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida P2P (onlayn) tranzaksiyalari soni qariyb 59 milliontaga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 46 foizga ko‘paygan.
Shuningdek, 2024 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2,3 mlrd dollarni tashkil qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121301 | Инструменты