Tolibon ayollarning Afg’oniston universitetlarida o’qishini taqiqlash sabablarini ma’lum qildi

Avvalroq Tolibon yetakchiligidagi Afg’oniston Oliy taʼlim vazirligi talaba qizlarni universitetga kirishi taqiqlanganini e’lon qilgan edi. Bugun Afg’oniston Oliy ta’lim vaziri Nada Muhammad Nadim bu taqiq kiritilganligining bir nechta sabablarini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, mamlakatdagi talaba qizlar ko’pincha oliygohga hijob kiymasdan kelgan. Taqiq kiritilishining asosiy sabablaridan biri shu bo’lgan.

Bundan tashqari, oliy o’quv yurtlari yotoqxonalarida yashaydigan qizlar va viloyatlardan o’qishga kelgan qizlar erkaklar hamrohligisiz yurgan. Shuningdek, universitetlarda ayollar va erkaklar birgalikda o’qishni davom ettirgani va ba’zi qizlar “islom qonunlariga zid” fakultetlarda tahsil olayotgani sabab qilib keltirilgan.

Aytib o’tish lozimki, Tolibon Afg’onistonda 2021-yil avgust oyi o’rtalarida hokimiyat tepasiga kelgan edi. Shundan so’ng hukumat ayollarga nisbatan cheklovlar joriy qila boshladi. Jumladan, afg'on ayollarini Kobuldagi parklarga kirishi taqiqlandi. Joriy yilning 20-dekabr kuni esa qizlarning universitetlarda o’qishini to’xtatish bo’yicha qaror qabul qilindi. Ushbu qarorlar hozirgacha AQSH hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qattiq qoralanib kelmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51413 | Инструменты