Huawei 1
Turkiya prezidenti: Qrim Ukrainaga qaytishi kerak, bu xalqaro huquq talabi

Anqaraning Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashi o‘zgarishsiz qolmoqda. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Qrim platformasi 4-sammiti ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida aytib o‘tdi.

Davlat rahbari Qrimning Ukrainaga qaytarilishi xalqaro huquq talabi ekanini ta’kidladi. Prezident Erdo'g’an, “Turkiya urushni Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga asoslangan adolatli va mustahkam tinchlik bilan tugatishni chin dildan istaydi” dedi.

Turkiya prezidenti sammitning tashkil etilishiga hissa qo‘shgan barchaga, birinchi navbatda ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy va Qrim-tatar xalqi yetakchisi Mustafo Kirimo'g‘luga minnatdorchilik bildirdi.

Turkiya rahbari bu yilgi sammit Qrim-tatar xalqi deportatsiya qilinganining 80 yilligiga to‘g‘ri kelishini eslatdi. Uning taʼkidlashicha, “Vatanlaridan zoʻrlik bilan quvilgan Qrim-tatar turklari boshidan kechirgan fojia ogʻrigʻi 80 yildan beri soʻnmagan va yaralar bitmagan”.

Shuningdek, u Turkiya Qrimning anneksiya qilinishini hech qachon tan olmaganini, bu esa “mintaqa aholisining azobini yanada kuchaytirganini” taʼkidladi.

Prezident “Qrimning tub xalqlaridan biri boʻlgan Qrim-tatar turklarining xavfsizligi va farovonligini taʼminlash Turkiyaning tashqi siyosatidagi ustuvor yoʻnalishlardan biri” ekanini taʼkidladi.

“Qrim-tatar turklarining huquqlarini mustahkamlash maqsadida Ukraina hukumati tomonidan ishlab chiqilgan huquqiy me’yorlardan yana bir bor mamnunligimni bildirmoqchiman”, - dedi u.

Turkiya rahbari kelgusi davrda “Qrim-tatar turklarining huquqlarini mustahkamlash uchun qo‘shimcha qadamlar qo‘yilishi”ga umid bildirdi.

Turkiya prezidenti qrim-tatarlar “o‘z vatanlarida erkin, xavfsiz va tinch hayot kechirish” huquqiga ega ekanini ta’kidladi.

U Qrim tatarlari majlisi raisi o‘rinbosari Narimon Jalolning uch yillik qamoqdan so‘ng ozod etilganidan mamnunligini bildirdi. “Biz barcha qrim-tatar vatandoshlarimiz, jumladan, aka-uka Asan va Aziz Axmetovlar tezroq ozod etilishini kutamiz”, — dedi Erdo‘g‘an.

Turkiya prezidenti oʻz nutqi yakunida Qrim platformasi doirasida olib borilayotgan ishlar “Qrim, Ukraina va butun mintaqada tinchlikni taʼminlash” xalqaro saʼy-harakatlariga hissa qoʻshishiga umid bildirdi.

Davlat rahbari Qrim-tatar xalqi deportatsiyasi qurbonlari xotirasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91721 | Инструменты