14 dekabr kuni Suriya poytaxti Damashqdagi Turkiya elchixonasida 12 yillik tanaffusdan keyin ushbu mamlakat missiyasi o‘z faoliyatini qayta boshladi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
2012 yilda faoliyatini to‘xtatgan elchixona rasmiy ravishda Turkiyaning Mavritaniyadagi elchisi Burhon Ko‘ro‘g‘li bilan vaqtincha ishlar vakili vazifasini bajaruvchi sifatida ochildi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan 12 dekabr kuni Ko‘ro‘g‘lini rasman yangi lavozimga tayinlagan edi.
O‘z navbatida, Fidan elchixona surati bilan birga X sahifasida missiya faoliyatining qayta tiklanishi haqidagi postida o‘zining yaxshi tilaklari bilan o‘rtoqlashgan.
Boshqa ko‘plab davlatlarning diplomatik vakolatxonalari ham joylashgan shaharning Ravda maydoni yaqinidagi Turkiya elchixonasi 2011 yilda Asad rejimining tinch namoyishchilarni zo‘ravonlik bilan bostirishidan keyin bir muddat o‘z xizmatlarini ko‘rsatishni davom ettirgan. Biroq u 2012 yil 26 martda kundalik faoliyatini to‘xtatgan edi.
Elchixona xodimlari va ularning oila a’zolari bu qarordan so‘ng Turkiyaga qaytgan.
Joriy yilning dekabr oyi boshida Bashar Asad rejimi qulaganidan beri Suriyaning Istanbuldagi Bosh konsulligi o‘z faoliyatini uzluksiz davom ettirmoqda.
“Biz Damashqdagi elchixonamiz 12 yildan so‘ng aziz bayrog‘imiz ko‘tarilishi bilan o‘z faoliyatini qayta boshlaganidan xursandmiz. Elchixonamizning qayta ochilishi Suriya barqarorligiga, shuningdek, mintaqamizda tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashga sodiqligimizni aks ettiruvchi eng aniq qadamlardan biri hisoblanadi”, degan Turkiya vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz o‘zining X sahifasida.
Yilmaz, shuningdek, Turkiyaning Suriya bilan diplomatik aloqalari Suriya xalqi hayotining normallashishiga hissa qo‘shishi va Suriyaning institutsional, iqtisodiy va jismoniy sharoitlarini qayta qurishni qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirgan.
“Damashqdagi elchixonamizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman va bu muvaffaqiyatga hissa qo‘shgan barchaga o‘z minnatdorligimni bildiraman”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Ma’lumot uchun, 8 dekabr kuni rejimga qarshi guruhlar Damashqni nazoratga olib, Suriyada 1963 yildan beri hokimiyatda bo‘lgan “Baas” partiyasi rejimini tugatgandan so‘ng, Suriyaga qariyb 25 yil rahbarlik qilgan Asad Rossiyaga qochib ketdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121518 | Инструменты