Ukraina bo‘yicha ikkinchi tinchlik sammiti noyabrda bo‘lmaydi, dedi konferensiyalarni tayyorlashga mas’ul bo‘lgan Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Darya Zarivna.
Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, sammit uchun hamma narsa noyabrgacha tayyor bo‘lishi kerak. «Hozircha «tinchlik formulasi»ning har bir bandi bo‘yicha tematik konferensiyalar o‘tkazilmoqda, ular kommyunike qabul qilinishi bilan yakunlanadi. Ushbu bildirishnomalar qoidalari ikkinchi sammitning tinchlik rejasi uchun asos bo‘ladi», dedi Zarivna.
Shundan so‘ng Zarivna oktyabr oyida «tinchlik formulasi» bandlari bo‘yicha bir qator tematik konferensiyalar o‘tkazilishini, ularning oxirgisi 30–31 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tishini qo‘shimcha ravishda tushuntirdi. Konferensiyalar yakunida ikkinchi tinchlik sammitining sanasi masalasi hal qilinadi. Konferensiyalarda kimlar ishtirok etayotgani aniqlanmagan.
Ukraina prezidenti devoni ikkinchi tinchlik sammiti sanasini rasman e’lon qilmagan va unga tayyorgarlik ko‘rish jadvaliga izoh bermagan.
2024 yil iyulida, Rossiya taklif etilmagan birinchi tinchlik sammitidan bir oy o‘tib, Bloomberg AQSh prezidenti saylovidan oldin Ukraina ikkinchi sammitni o‘tkazishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ikkinchi sammit qachon o‘tkazilishiga aniqlik kiritmadi, biroq bir necha bor unda Rossiya vakili bo‘lishi kerakligini, chunki aks holda natijaga erishish mumkin emasligini aytdi. AQSh Davlat departamenti, o‘z navbatida, agar Ukraina Rossiyani ikkinchi tinchlik sammitiga taklif qilishga qaror qilsa, uni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Rossiya rasmiylari taklif qilingan taqdirda ham sammitda ishtirok etmasligini ta’kidlab kelmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122210 | Инструменты