Huawei 1
Vetnamga kuchli “Yagi” tayfuni yopirilishi oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘ldi

Vetnam shimolida “Yagi” to‘foni oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘ldi, 180 dan ortiq kishi yaralandi. Tabiiy ofatlarga qarshi kurashish va qidiruv-qutqaruv ishlari milliy qo‘mitasi tegishli statistikani e’lon qildi.

Tabiiy ofatdan eng ko‘p poytaxt Xanoy, Kamfa, Mongkay, Xayfon, Xalong kabi port shaharlari, shuningdek, yaqin atrofdagi Txaybin, Xoabin va Xingyen kabi shimoliy provinsiyalar zarar ko‘rgan. Bu hududlarda 400 dan ortiq elektr uzatish liniyalari tayanchlariga va 27 ta elektr podstansiyasiga shikast yetgan.

“Bu esa elektr ta’minotining majburiy uzilishlariga sabab bo‘lgan”, deyiladi xabarda.

Sholi va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilgan 121 ming gektardan ortiq maydonni suv bosgan, 5 mingdan ziyod mevali daraxtlar shikastlangan. Qirg‘oq bo‘yi hududlarida 38 ta kema va baliqchilik qayig‘i cho‘kib ketgan yoki bedarak yo‘qolgan.

Tayfun tomlarni qulatib, minglab uylarga zarar yetkazgan, ko‘plab baland binolarning derazalari va peshtoqlarini sindirgan. O‘n minglab daraxtlar sinib, ildizi bilan qo‘porilgan.

“Yagi” tayfuni 2024-yil 4-sentyabr kuni Xitoyning janubiy qirg‘oqlariga yaqinlashib, u yerdan Vetnam tomon yo‘l olgan edi. Bir sutkadan kam bo‘lgan vaqt ichida u o‘ta kuchli tayfun darajasiga yetgan. Uning markazidagi shamol tezligi 50 m/s dan oshgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91704 | Инструменты