Huawei 1
Xalqaro Gaaga sudi Vladimir Putinni hibsga olishga order berdi

Niderlandiyaning Gaaga shahridagi Xalqaro jinoyat sudi (XJS) Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berdi

Putin Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy ravishda deportatsiya qilganlikda gumonlanmoqda. Sud tushuntirganidek, buning uchun shaxsan Putin javobgar, deb hisoblash uchun "oqilona asoslar" bor.

Xuddi shunday hibsga olish orderi Rossiya prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham chiqarilgan. 

13-mart kuni The New York Times o‘z manbalarga tayanib, XJS yaqin kelajakda Ukrainadagi jinoyatlar bo‘yicha rossiyalik amaldorlarga qarshi ikkita ish qo‘zg‘atishini yozgan edi: biri ukrainalik bolalarning noqonuniy deportatsiya qilinishi, ikkinchisi – qasddan aholi infratuzilmalariga raketa zarbalari berish. Ushbu xabarlar fonida Kreml Rossiya Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini tan olmasligini eslatdi.

Endi Vladimir Putinning chet elga chiqishi cheklangan. U Rim statutini ratifikatsiya qilgan va sudning yurisdiksiyasini qabul qilgan mamlakatlarga kira olmaydi. Bu 123 ta davlat. Jumladan, Yevropa va Janubiy Amerikaning barcha mamlakatlari, Tojikiston, Braziliya va Janubiy Afrika, shuningdek, Afg‘oniston, Markaziy Afrika Respublikasi, Nigeriya. Agar Putin shu davlatlardan biriga tashrif buyursa, mahalliy hukumat uni hibsga olishga majbur bo‘ladi.

Rossiya tomoni Vladimir Putin va Mariya Lvova-Belovaning hibsga olinishi uchun order berilganiga munosabat bildirdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova:

"Xalqaro jinoyat sudining qarorlari mamlakatimiz uchun, jumladan, huquqiy nuqtayi nazardan ham hech qanday ahamiyatga ega emas. Rossiya Xalqaro Jinoyat Sudi Rim statutining ishtirokchisi emas va u bo‘yicha hech qanday majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmaydi. Rossiya bu organ bilan hamkorlik qilmaydi va Xalqaro suddan keladigan hibsga olishning mumkin bo‘lgan "retseptlari" biz uchun qonuniy kuchga ega bo‘lmaydi".

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90803 | Инструменты