Xalqaro jinoiy sud (XJS) Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va 5 noyabr kuni iste’foga chiqarilgan mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berdi. Bu haqda sud press-relizida so‘z boradi.
Sud Netahyahu va Galantni 2023 yil 8 oktyabrdan 2024 yil 20 mayga qadar G‘azo sektoridagi harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblamoqda.
Xalqaro jinoiy sudga ko‘ra, odatda hibsga olish orderlari «maxfiy» tamg‘asi ostida tasniflanadi, ammo bu holatda ushbu ma’lumotni e’lon qilishga qaror qilingan, chunki orderda ko‘rsatilgan holatlar hamon davom etmoqda.
XJS, shuningdek, HAMASning harbiy qanoti rahbari bo‘lgan Muhammad Deyfni ham hibsga olishga order bergan. Ammo Isroil harbiylari Deyf iyul oyida G‘azoga qilingan hujum oqibatida o‘ldirilganini bildirgan.
Netanyahu va Galantni hibsga olishga order berilishini 2024 yil may oyida XJS prokurori Karim Xon so‘ragan edi. Shuningdek, u HAMASning uch nafar yetakchisi — Yahyo Sinvar, Muhammad Deyf va Ismoil Haniyaning hibsga olinishiga ham order berilishini so‘ragan, o‘tgan vaqt davomida ularning barchasi o‘ldirildi.
Xalqaro sud prokurori nega Netanyahuni hibsga olishga order so‘rayotganini tushuntirdi.
Netanyahu XJS prokurorining so‘rovini «mojaroli» deb atab, bu na uni va na Isroilni to‘xtata olishini ta’kidlagandi. Iyun oyida Xalqaro jinoiy sud Netanyahu va Galantning hibsga olinishiga orderlar berilishi bo‘yicha qarorni kechiktirgani ma’lum bo‘ldi. Bunga Buyuk Britaniya 10 iyun kuni XJSning Isroil borasidagi yurisdiksiyasiga nisbatan tanbeh berish yuzasidan ariza kiritgani sabab bo‘lgan. Ammo Britaniyada hukumat almashganidan keyin ushbu ariza qaytarib olingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112521 | Инструменты