Xitoy AQShdan import qilinadigan neft, yirik hajmli avtomobillar, pikaplar va qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun 10% boj joriy qilishini e’lon qildi. Bundan tashqari, AQSh ko‘miri va suyultirilgan tabiiy gazi (LNG) 15% boj bilan bojxona to‘lovlariga tortiladi. Ushbu qaror bugun, 4-fevralda kuchga kirgan AQShning Xitoy mahsulotlariga 10% boj joriy etishiga javoban qabul qilingan. Xitoy bojlar 10-fevraldan kuchga kirishini ma’lum qildi.
Javob choralarini Xitoy Davlat kengashi qoshidagi Tarif va tasniflash qo‘mitasi e’lon qildi. Uning press-relizida ta’kidlanishicha, AQShning bir tomonlama boj joriy etishi Jahon savdo tashkiloti (JST) qoidalarini jiddiy ravishda buzadi hamda Xitoy va AQSh o‘rtasidagi normal iqtisodiy va savdo hamkorligiga to‘sqinlik qiladi. Shu bilan birga, Xitoy JSTga AQShga qarshi da’vo arizasi kiritgan.
1-fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Meksika, Kanada va Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga boj joriy etish haqidagi farmonni imzoladi. U bu choralar bilan saylovoldi va’dalaridan birini bajarayotganini – mamlakatga noqonuniy muhojirlar va fentanil kontrabandasining oldini olishni maqsad qilganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Xitoy mahsulotlariga 10%, Meksikaga – 25%, Kanadaga – energiya resurslari uchun 10% va boshqa mahsulotlar uchun 25% boj belgilangan. Keyinchalik Kanada boj joriy etishni bir oyga kechiktirish bo‘yicha kelishuvga erishdi, Tramp xuddi shunday shartlarni Meksika uchun ham qo‘llashga rozi bo‘ldi.
AQSh prezidenti Donald Trampning Kanada, Meksika va Xitoyga nisbatan yangi bojxona tariflarini joriy etishi Osiyo fond bozorlarida keskin pasayishlarga olib keldi. Investorlar bu choralarni yangi global savdo urushining boshlanishi sifatida qabul qilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60711 | Инструменты