Xitoyda olti yoshli bola og‘zida lolipop ushlab turgan holda yiqilib, bosh miyasiga jiddiy zarar yetkazdi. Bambuk tayoqchasi halqumning orqa devorini teshib o‘tib, bosh suyagi tagiga yetib borgan va miyaning hayotiy muhim qismlariga zarar bergan.
Bola yiqilish vaqtida qo‘llari bilan o‘zini ushlab qolishga harakat qilgan, ammo bu vaziyatni yanada yomonlashtirgan — tayoq chuqurroq kirib, chidab bo‘lmas og‘riq keltirgan. Ota-onasi darhol uni Zhongshan kasalxonasiga olib borgan, u yerda shifokorlar zudlik bilan operatsiya o‘tkazishgan.
Shifokorlar tekshiruvdan so‘ng, 11 sm uzunlikdagi tayoq miyaning harakat va muvofiqlashtirish uchun javobgar hududiga yetib borganini aniqlashgan. Operatsiya juda xavfli bo‘lgan, chunki tayoq bosh suyagi tagidagi yirik qon tomiriga tegib turgan. Jarrohlarning ta’kidlashicha, eng kichik xato bola hayotiga zomin bo‘lishi mumkin edi.
Murakkab operatsiya 7 soat davom etgan, ammo jarrohlar tayoqchani miyaning muhim qismlariga zarar yetkazmasdan olib tashlashga muvaffaq bo‘lishgan. Bolaning sog'ligi to‘liq tiklandi — nevrologik kasalliklar, infektsiyalar yoki boshqa asoratlar kuzatilmadi. Ikki hafta o‘tgach, u kasalxonadan barqaror holatda chiqarilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40107 | Инструменты