Xitoy hukumati giyohvand moddalarni saqlashda ayblangan to‘rt nafar Kanada fuqarosini qatl etdi, deb xabar beradi The Wall Street Journal. Qatl etilganlarning ismlari oshkor qilinmagan.
Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Jolining so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil boshida Kanada va Xitoy fuqaroligiga ega bo‘lgan to‘rt kishi qatl etilgan.
Vazirning aytishicha, u va sobiq bosh vazir Jastin Tryudo bu qatlni to‘xtatish uchun aralashishga harakat qilgan. Shuningdek, u Xitoy hukumatidan «shunday vaziyatga tushib qolgan boshqa kanadaliklarga nisbatan yengillik ko‘rsatishni» so‘ragan.
Kanada murojaatiga javoban Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mao Nin Xitoyda ayblanayotgan barcha millat vakillariga bir xil munosabatda bo‘linishini ta’kidlagan. «Kanada qonun ustuvorligini hurmat qilishi va Xitoyning sud suverenitetiga aralashishni to‘xtatishi kerak», — degan Mao Nin.
Xitoy giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarga nisbatan qat’iy pozitsiyaga ega. Mahalliy qonunlarga ko‘ra, narkotik moddalar kontrabandasi uchun uzoq muddatli qamoq jazosi, umrbod qamoq yoki o‘lim jazosi belgilangan.
Amnesty International ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda boshqa har qanday davlatga qaraganda ko‘proq qatllar amalga oshiriladi. Aniq raqamlar noma’lum, biroq huquq himoyachilarining so‘nggi hisobotida keltirilishicha, 2023 yilda Xitoyda minglab odam qatl etilgan. WSJ’ning qayd etishicha, Xitoy hukumati g‘arbiy davlatlar fuqarolariga nisbatan o‘lim jazosini kamdan kam hollarda qo‘llaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32204 | Инструменты