Huawei 1
Xitoylik xakerlar Trampning telefonini buzib kirishga harakat qildi — NYT

Xitoylik xakerlar AQSHning sobiq prezidenti, Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp va uning vitse-prezidentlikka nomzodi, Ohayo shtati senatori Jeyms Devid Vensning telefonlaridan maʼlumotlarni olishga harakat qildi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

“Bu hafta Tramp hamda Vensning hukumat ichidagi va tashqarisidagi telefon raqamlari Verizon telekommunikatsiya tizimlarining buzilishi natijasida nishonga olingani haqida Tramp kompaniyasi xabardor qilindi”, deyiladi xabarda.

Demokratik partiya a’zolari, jumladan, Nyu yorklik senator, AQSH Senatidagi Demokratik ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer va prezidentlik saylovlarida Demokratik partiyadan nomzod Kamala Harrisga yaqin shaxslarga ham kiberhujum uyushtirishga urinishlar bo‘lgan.

Federal tergov byurosi siyosatchilarning telekommunikatsiya infratuzilmasiga ruxsatsiz kirishga urinish tekshirilayotganini va ish Xitoy bilan bog‘liqligini tasdiqlagan. DPA agentligiga ko‘ra, mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi bir qator Amerika kompaniyalari tizimlari buzib kirilgani haqidagi fakt bir necha hafta oldin aniqlangan.

NYT nashriga ko‘ra, xakerlik hujumi keng ko‘lamli razvedka operatsiyasining bir qismi bo‘lishi mumkin. Hozir tergovchilar hujumchilar telekommunikatsiya tizimlariga kirib borishi natijasida qanday ma’lumotlarni qo‘lga kiritganini va ular prinsipial ravishda biron-bir ma’lumotni qo‘lga kirita olganmi yoki yo‘qligini aniqlashga harakat qilmoqda.

Bir necha oy oldin hujumchilarning Tramp va Vens saylovoldi shtab-kvartirasining ichki aloqa kanallariga noqonuniy kirishga yana bir urinishi haqida xabar berilgan edi. Taxminlarga ko‘ra, kiberhujum ortida eronlik xakerlar turgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102720 | Инструменты