Huawei 1
Yevropa Ittifoqi yetakchilari urushning uch yilligi munosabati bilan Ukrainaga keldi

24 fevral, dushanba kuni ertalab Yevropa Komissiyasi (YeK) rahbari prezidenti Ursula fon der Lyayyen va Yevropa kengashi raisi Antonio Koshta Ukraina poytaxti Kiyevga yetib kelishdi. Ikki yuqori martabali yevropalik siyosatchi Ukrainaga birdamlik bildirish niyatida va Rossiyaning Ukrainaga qurolli bostirib kirishining uch yilligi munosabati bilan qo‘shimcha yordam haqida ma’lum qilmoqchi.

Kiyevga yetib kelgach, fon der Lyayyen X platformasidagi mikroblogida shunday deb yozdi: «Biz bugun Kiyevdamiz, chunki Ukraina Yevropadir. Bu omon qolish uchun kurashda nafaqat Ukraina taqdiri xavf ostida. Bu Yevropa taqdiri».

Vladimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga fon der Lyayyen va Koshtadan tashqari 13 mamlakatdan davlat va hukumat rahbarlari kelyapti, videokonferensiyada yana 24 nafar yetakchi ishtirok etadi. Ursula fon der Lyayyenga 20 ga yaqin Yevropa komissarlari hamrohlik qilmoqda.

Bu harakat, ayniqsa, AQSh prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Kiyevga yordamni keskin qisqartirish niyatida ekanligiga ishora qilganidan keyin muhim deb ko‘rilmoqda. Buning o‘rniga Tramp Ukraina va Rossiyani urushni tugatish uchun muzokara stoliga o‘tirishga majburlamoqchi.

Kuni kecha Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni «diktator» deb atadi va uni Rossiyaning Ukraina bilan urushini boshlaganlikda aybladi. Bu bayonotlar fonida Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan. Tramp Putinga oldindan bir necha marta yon bosgan, xususan, u Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish imkoniyatini rad etgan. Bundan tashqari, Ukraina Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni qaytarishga urinishlardan voz kechishi kerak.

Ursula fon der Lyayyenning rejasi

Ursula fon der Lyayyen Kiyevga poyezdda ketayotib, tez orada qurol ishlab chiqarishni kengaytirish va Yevropa Ittifoqining mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha keng qamrovli reja taqdim etishini ma’lum qildi. Bu choralardan Ukraina ham foyda olishi kerak. Bundan tashqari, fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning ham, butun Yevropa Ittifoqining ham energiya xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha keyingi qadamlar qo‘yiladi. Boshqa narsalar qatorida, Ukraina va Moldova elektr energiyasi bozorlari kelasi yil oxirigacha Yevropa bozoriga to‘liq integratsiya qilinishi kerak.

Zelenskiy bilan uchrashuvdan bir necha soat oldin Ursula fon der Lyayyen: «Erkin va suveren Ukraina butun dunyo manfaatlariga mos keladi», deb ta’kidladi. Uning fikricha, Ukrainaning 2025 yilgi budjeti taqchilligi qoplangach, bu davlatga qurol va o‘q-dorilar yetkazib berishni zudlik bilan tezlashtirish kerak.

«Bizning yaqin hamkorligimiz nafaqat Ukraina, balki butun Yevropa manfaatlariga javob beradi», — Yevrokomissiya rahbari.

Uning fikricha, Ukrainaning yuqori darajada innovatsion va qudratli mudofaa sanoati Yevropa Ittifoqini mustahkamlashi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22418 | Инструменты