Huawei 1
Yevropaga AQSh yordamisiz o‘zini himoya qilishi uchun yiliga 250 mlrd yevro va 300 ming askar kerak bo‘ladi

Yevropa davlatlari AQSh ko‘magisiz o‘z kuchlari bilan xavfsizlikni ta’minlashi uchun yuzlab milliard yevro sarflashga, shuningdek, Qurolli kuchlarni butkul qaytadan ko‘rib chiqishga va ularning sonini sezilarli darajada oshirishga majbur bo‘ladi. O‘z navbatida bu Yevropa iqtisodiyotini anchadan beri davom etayotgan sekin o‘sish davridan chiqishiga yordam berishi mumkin, deb yozadi The Moscow Times.

AQSh siyosati keskin o‘zgargani va bu 80 yillik ittifoqning parchalanishiga sabab bo‘lishi mumkinligi bois yevropaliklarni Rossiyadan keladigan tahdidlarga Amerika harbiy yordamiga umid qilmagan holda qarshi turish masalasini muhokama qilishga undamoqda. Germaniyaning bo‘lajak kansleri Fridrix Mers «AQShdan mustaqillikka erishish» uchun NATOning o‘rniga yangi mudofaa ittifoqini tuzish taklifini ilgari surdi. Uning doirasida Fransiya va Buyuk Britaniya bilan yadroviy hamkorliklar amalga oshiriladi. Anchadan buyon AQShga «qaramlik»dan qutulish haqida gapirib keladigan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron allaqachon yadroviy qurollarga ega samolyotlarini Germaniya hududiga joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer esa urush tugaganidan keyin xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash uchun Ukrainaga britaniyalik askarlarni yuborishga tayyorligini bildirdi.

Ammo yevropaliklar duch kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar ulkan. Amerikaning Ukrainaga yetkazib berayotgan qurollari o‘rnini qoplash qiyin emas — buning uchun Yevroittifoqqa YaIMning qo‘shimcha 0,12 foizi kerak xolos (asosiy muammo AQSh razvedkasi bilan hamkorlikning uzilishi va Amerikaga tegishli ayrim qurollarning qo‘ldan chiqarilishida).

Ukrainada tinchlik o‘rnatilganidan keyin Rossiya jang maydonida qurollaridan ayrilishni to‘xtatib, ularni oshirishni boshlasa — bu Yevropa uchun yana bir muammoni keltirib chiqaradi. Harbiy ekspert Aleksandr Burilkov va iqtisodchi Guntram Volfning baholashicha, Yevropa Amerika qo‘shinlari o‘rnini to‘ldirish va Rossiya bosqinining oldini olishi uchun 300 ming askar va har yili mudofaa xarajatlarini salkam 250 milliard yevroga oshirish kerak bo‘ladi.

Yevropaga AQShning 100 ming askari joylashtirilgan, NATO rejasiga ko‘ra, Rossiya bosqini yuz bersa, yana 200 ming harbiy kelishi kerak. Bu jangga tayyor va yagona rahbariyat ostidagi texnika bilan ta’minlangan bo‘linmalardir. Yevropaga ularning o‘rnini egallashi uchun kamida 1400 ta tank, 2000 ta piyodalar jangovar mashinasi va 700 ta artilleriya qurollari kerak bo‘ladi. «Bu Fransiya, Germaniya, Italiya va Buyuk Britaniyaning quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘shib hisoblanganidan ham ko‘proq jangovar qudrat demak», — deyiladi xabarda.

Yevropa hukumatlari bunday xarajatlarni moliyalashtirishning turli usullarini tahlil qilishni boshlagan.

Bruegel nashri hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevropa davlatlari hozirda mudofaaga ajratilayotgan YaIMning 2 foizini 3,5 foizga qadar ko‘tarishi yiliga taxminan 250 milliard yevroga tushadi. Starmer 25 fevral kuni Britaniyaning mudofaa xarajatlari 2027 yilga borib, 2,7 foizga yetkazilishiga oid rejani e’lon qilgandi.

Harbiy xaridlarning oshishi sabab iqtisodiy ko‘tarilish ham sodir bo‘lishi mumkin — Ikkinchi jahon urushidan keyin va Ronald Reygenning prezidetlik davrida shunday bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, Germaniya iqtisodiyoti 2019 yilgacha bo‘lgan davrdagi darajaga qaytmagan, oxirgi ikki yilda hatto qisqargan. Hozirda Mers mudofaa xarajatlarini 200 milliard yevrogacha oshirishga urinmoqda va qurol ishlab chiqaruvchilaridan davlat xaridlari.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22615 | Инструменты