Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatda tinchlikni o‘rnatish uchun egallab turgan lavozimidan ketishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda u Kiyevda o‘tkazilgan «Ukraina. 2025 yil» forumi doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida ta’kidladi.
«Agar bu Ukraina uchun tinchlikni kafolatlasa, men ketishga tayyorman. Yoki lavozimni NATOga [a’zoligiga] almashishga, men hokimiyatda o‘n yillab qolish niyatida emasman», — deydi Zelenskiy.
Shuningdek, Zelenskiy Ukraina AQShdan 350 milliard dollar emas, balki 100 milliard dollar olganini qayd etdi.
«120 milliard dollar — Ukraina, 100 milliard dollar — Yevropa va sheriklari, 100 milliard dollar — AQSh. 500 emas, 300 emas va 700 ham emas… Sheriklarimizga hurmat saqlagan holda biz 500 milliard dollarlik qarzni tan olmaymiz», — deydi u.
Bundan tashqari, Ukraina prezidenti Bayden bilan AQSh yordami grant ekani bo‘yicha kelishganini aytdi. «Grant — bu qarz emas. Men hatto 100 milliard dollarni ham tan olmayman… Men ukrainaliklarning 10 avlodi tomonidan to‘lanadigan biror narsaga imzo chekmayman», — deya ta’kidadi Volodimir Zelenskiy.
Ar-Riyodda o‘tkazilgan Rossiya—Amerika muzokaralaridan keyin Donald Tramp Zelenskiyni keskin tanqid qilmoqda. AQSh prezidentining ma’lum qilishicha, ukrainaliklar orasida Zelenskiyning reytingi pasayib ketgan, shuningdek, Tramp uni «diktator» deb atadi va Ukrainada prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, Vladimir Zelenskiyning besh yillik prezidentlik vakolati 2024 yil mayda yakuniga yetgan — shundan beri Rossiya propagandasi va hukumati uning «nolegitimligi» to‘g‘risidagi tezislarni ilgari surib keladi. Ukrainaning o‘zida bu borada konsensus mavjud, urush davom etarkan, Zelenskiy davlat rahbariligicha qoladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22413 | Инструменты