Ai-80 benzini birjaga chiqarildi, ammo zapravkalarda sotilmaydi — Vazirlik

Energetika vazirligi O‘zbekistonda Ai-80 markali benzinning birja savdolariga chiqarilishi yuzasidan izoh berdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, birja savdolariga chiqarilgan Ai-80 benzini qayta ishlash korxonalarida xomashyo sifatida foydalanish uchun mo‘ljallangan.

Ushbu mahsulotdan texnologik qayta ishlash orqali yuqori oktanli benzin va boshqa kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanish mumkin.

Savdo shartlariga ko‘ra, Ai-80 benzinini faqat tegishli litsenziyaga ega qayta ishlash korxonalari xarid qilishi mumkin.

Energetika vazirligi mazkur savdolar Ai-80 benzinining avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida qayta sotila boshlashini anglatmasligini ta’kidlagan. Uni avtomobillarga yonilg‘i sifatida sotish bo‘yicha amaldagi cheklovlar o‘z kuchida qoladi.

“O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmonida 2025-yil yakuniga qadar Ai-80 benzinidan foydalanish va sotishni cheklash uchun barcha kuch va resurslar safarbar etilishi belgilangan.

Mamlakatda ushbu markali benzindan bosqichma-bosqich voz kechish rejalashtirilayotgani haqida 2024-yil boshlarida 

Energetika vazirligi xabar bergandi. Vazirlik bu benzin ko‘p mamlakatlarda taqiqlanganini, hatto neft mahsulotlarini to‘liq import qiladigan Qirg‘iziston va Tojikistonda ham allaqachon iste’moldan olinganini bildirgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112021 | Инструменты