Yo‘lovchilar oqimi ortgani sababli Toshkent metrosidagi “Moskva” rusumli 40 ta poyezdga beshinchi vagon qo‘shish reja qilinmoqda. Metro matbuot xizmati yo‘lovchilarni poyezdlar tirbandligini kamaytirish uchun faqat bosh vagonlardan emas, stansiyalar ichkarisiga qarab yurib, o‘rta vagonlardan ham foydalanishga chaqirdi.
Toshkent metropoliteni yo‘lovchilar oqimi ortgani sababli “Moskva” rusumli 40 ta poyezdga beshinchi vagonni qo‘shishni rejalashtirmoqda. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirda poytaxt metrosida faqat to‘rt vagonli tarkiblardan foydalanilmoqda. Jami 1300 nafargacha yo‘lovchini sig‘dira oladigan 55 ta zamonaviy va o‘rtacha 1000 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan 30 ta eski tarkib mavjud. 2023-yil boshida sinov tariqasida “O‘zbekiston” yo‘nalishidagi to‘rtta poyezdga bittadan vagon qo‘shilgan edi. Biroq poyezdlarni uzaytirish rejalari rivojlanmay qolgan.
Yo‘lovchilar stansiyalar va vagonlarning haddan tashqari tirbandligidan shikoyat qilmoqda. Juda ko'p hollarda vagonga chiqish uchun poyezdlarni o‘tkazib yuborishga to‘g‘ri kelmoqda. Bugungi kunda metro kuniga 1,2 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Sentabr-oktabr oylarida metro xizmatlaridan 61,7 mln kishi foydalangan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga (51,4 mln) nisbatan 20 foizga ko‘p.
Metro matbuot xizmati yo‘lovchilarni poyezdlar tirbandligini kamaytirish uchun faqat bosh vagonlardan emas, stansiyalar ichkarisiga qarab yurib, o‘rta vagonlardan ham foydalanishga chaqirdi. Bundan tashqari, chiqish jarayonini tezlashtirish uchun avval vagondan tushayotganlarni o‘tkazib yuborish kerak. Shuningdek, metropolitenda taxminan 300 nafarga ko‘proq yo‘lovchini sig‘dira oladigan yangi poyezdlarni tanlash tavsiya etildi.
Xabarda, shuningdek, yo‘lovchi oqimi kam bekatlarni tanlash maslahat berildi. Masalan, “Chilonzor” bekati kuniga o‘rtacha 60−65 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatsa, keyingi “Mirzo Ulug‘bek” bekatidan 20−25 ming kishi foydalanadi. “Xalqlar do‘stligi” bekati 35−40 ming, “Milliy bog‘” esa 6000−8000 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi, deya qayd etdi metro ma’muriyati.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112021 | Инструменты