O‘zbekistonda aholi sezayotgan inflyatsiya yana 10 foizdan oshdi

O‘zbekistonda aholi tomonidan sezilayotgan inflyatsiya darajasi oktyabr oyida 10,2% ga yetdi. Bu sentyabrdagi ko‘rsatkichdan 1% bandga yuqori. Sentyabrda eng past darajaga tushgan mazkur ko‘rsatkich yana o‘sishni boshladi. Bu haqda Markaziy bank ma'lum qildi. Unga ko'ra, bu ma'lumotlar MBning 3500 nafar respondent ishtirokida o‘tkazgan so‘rovi natijalarida yig'ilgan.

So‘rovda qatnashganlar so‘nggi 12 oyda narxlar qanchaga oshganini o‘z kuzatuvlari asosida baholagan. Javoblarning mediana ko‘rsatkichi ham o‘sib, 9 foizga yetgan. Sezilayotgan inflyatsiya aholining shaxsiy bahosini aks ettiradi va rasmiy inflyatsiya ko‘rsatkichidan farq qilishi mumkin.

Hududlar kesimida Toshkent shahri 12,1 foiz bilan birinchi o‘rinda qolmoqda. Keyingi o‘rinlarni Surxondaryo viloyati (11,4 foiz) va Xorazm viloyati (11,2 foiz) egallagan. Eng past ko‘rsatkichlar Qoraqalpog‘istonda (8,5 foiz), Navoiy (9,1 foiz) va Toshkent viloyatlarida (9,5 foiz) qayd etilgan.

Daromadlar bo‘yicha tahlilda oyiga 20–30 mln so‘m oladigan fuqarolar inflyatsiyani 14 foiz, 30 mln so‘mdan ko‘p daromad topadiganlar 13,1 foiz, 15–20 mln so‘m daromadga egalar esa 12,6 foiz darajasida baholagan.

Shu bilan birga, kam daromadli aholi orasida narxlar oshishi sezilarli kuchaygan. Oylik daromadi 2 mln so‘mdan kam fuqarolarning bahosi sentyabrdagi 7,7 foizdan 9,5 foizga, 2–4 mln so‘m daromad oladiganlarniki esa 8,7 foizdan 9,6 foizga ko‘tarilgan.

So‘rov ishtirokchilari eng ko‘p go‘sht va sut mahsulotlari (52 foiz), benzin va boshqa yonilg‘ilar (47 foiz), elektr energiyasi hamda tabiiy gaz (38 foiz) qimmatlashganini bildirgan.

Sohalar kesimida inflyatsiyani eng yuqori baholaganlar axborot texnologiyalari (11,1 foiz), savdo (11 foiz), qurilish va maishiy xizmatlar (10,7 foiz) vakillari bo‘lgan. Eng past baholar umumiy ovqatlanish (8,6 foiz) va turizm (8,8 foiz) sohalarida qayd etilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112021 | Инструменты