Jahon banki butun dunyo iqtisodiyoti va alohida mintaqalar, jumladan, Yevropa va Markaziy Osiyo (YeMO) uchun so‘nggi tendensiyalar, prognozlar va xavflar tahlilini soʻnggi “Global iqtisodiy istiqbollar” hisobotida eʼlon qildi.
Quyida ushbu hisobotni sizga taqdim qilamiz:
So‘nggi tendensiyalar. Xususan, baholashlarga ko‘ra, YeMO mintaqasida iqtisodiy o‘sish sur’atlari 2024-yilda 3,2 foizgacha pasaygan. Bu sekinlashish, asosan, Rossiya va Turkiyadagi iqtisodiy o‘sishning zaiflashishi bilan bog‘liq. Umuman olganda, mintaqadagi iqtisodiy faollikka Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganligi salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.
Ukrainada ham, garchi mamlakat iqtisodiyoti sezilarli barqarorlikni ko‘rsatgan bo‘lsa-da, baholashlarga ko‘ra, 2024-yilda iqtisodiy o‘sish 3,2% gacha pasaygan, buni energiya quvvatlarining qisqarishi va qishki elektr ta’minotidagi uzilishlar bilan tushuntirish mumkin.
YeMO mintaqasida inflyatsiya sekinlashuvi jarayoni to‘xtab qoldi. Shu bilan birga, umumiy inflyatsiya darajasi yuqoriligicha qolmoqda, bazaviy inflyatsiya darajasi esa pandemiyadan oldingi darajadan ikki baravar yuqori.
Xom ashyo narxlarining pasayishi vaziyatni biroz yumshatdi, ammo mehnat bozorlari, ayniqsa, xizmatlar sohasidagi keskinlik tufayli ish haqiga bosim yuqoriligicha qolmoqda.
Pul oʻtkazmalari oqimi sekinlashganiga qaramay, Janubiy Kavkazning bir qator mamlakatlarida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishigacha kuzatilgan darajadan yuqoriligicha qolmoqda.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlariga, xususan, Tojikistonga pul oʻtkazmalari hajmi barqarorligicha qolmoqda, bu esa aholining shaxsiy iste’mol darajasini ushlab turishga yordam beradi.
Prognoz. 2025-yilda YeMO mintaqasida iqtisodiy oʻsish 2,5 foizgacha sekinlashishi, 2026-yilda esa 2,7 foizga yetishi kutilmoqda. 2025-yildagi iqtisodiy sekinlashish asosan Rossiya va Turkiyadagi oʻsish sur’atlarining sekinlashishi bilan bogʻliq.
Masalan, Rossiyada ish haqi oʻsishining sekinlashishi va pul-kredit siyosatining qattiqlashuvi xususiy iste’mol oʻsishining va investitsiyalar qisqarishiga olib kelishi mumkin.
Rossiya, Turkiya va Ukrainani hisobga olmaganda, mintaqaning oʻsish sur’atlari 2025–26-yillarda 3,3% gacha oshishi kutilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 2025-yilda 5,8 foiz (YeMO mintaqasidagi davlatlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri) va 2026-yilda 5,9 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Xomashyo narxining pasayishi va mehnat bozoridagi keskinlikning yumshashi tufayli inflyatsiya asta-sekin pasayishi kutilmoqda. 2025-yilda YeMO davlatlarining yarmida davlat qarzi oshishi kutilmoqda.
Xatarlar. Prognozdagi xatarlar nisbati iqtisodiy oʻsish sur’atlarining ehtimoliy pasayishini koʻrsatadi. Iqtisodiy siyosat borasida yuqori darajadagi global noaniqlik saqlanib qolmoqda.
Ma’lum davlatlar tomonidan qoʻshimcha savdo cheklovlarining kiritilishi global savdo sohasidagi vaziyatni yanada yomonlashtirishi va YeMO mintaqasining iqtisodiy koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Barcha YeMO mamlakatlarida harbiy xarajatlar ortdi va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida yuzaga kelgan mojaroning yanada kuchayishi mintaqadagi vaziyatning yomonlashishiga olib kelishi mumkin.
Rossiyadagi o‘sish sur‘atlarining kutilganidan pastligi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlariga, birinchi navbatda, pul o‘tkazmalarining qisqarishi tufayli sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Markaziy banklar inflyatsiya maqsadlariga bosqichma-bosqich yaqinlashishda davom etishi kutilmoqda, biroq mintaqada inflyatsiyaning pasayishi yanada sekinlashishi mumkin hamda foiz stavkalarining yana oshishi va ularning uzoq vaqt davomida yuqori darajada ushlab turilishi iqtisodiy o‘sishni cheklab qo‘yishi mumkin.
Qurg‘oqchilik va suv toshqinlari kabi ekstremal ob-havo hodisalari ta’sirining kuchayishi bilan bog‘liq iqlim xavflari ham mintaqa uchun jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12405 | Инструменты