2025 yilning birinchi choragida O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 222,4 trillion so‘mga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirib o‘tilgan.
Hisobot davrida aholi daromadlarining nominal ko‘rinishdagi o‘sishi 20,9 foizni, real o‘sish surʼati esa 9,8 foizni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich mos ravishda 20,8 va 11,5 foiz bo‘lgandi.
Aholi jon boshiga umumiy daromadlar esa nominal qiymatda 18,5 foizga (2024 yilning I choragida – 18,2 foiz), real ko‘rinishda 7,6 foizga (9,2 foiz) ko‘paydi. Natijada 2025 yilning dastlabki 3 oyida aholi jon boshiga o‘rtacha daromad 5,9 mln so‘mga yetgan.
Hududlar kesimida daromadlarning eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (15 mln 859 ming so‘m), Navoiy (9 mln 452 ming so‘m), Buxoro (6 mln 364 ming so‘m) va Toshkent (6 mln 164 ming so‘m) viloyatlarida qayd etilgan. Poytaxt va 3 ta viloyatda aholi jon boshiga umumiy daromadlar respublikadagi umumiy ko‘rsatkichdan baland bo‘lgan.
Bu boradagi eng quyi ko‘rsatkichlar Namangan (3 mln 966 ming so‘m) va Surxondaryo (4 mln 78 ming so‘m) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (4 mln 117 ming so‘m) qayd etilgan.
Aholi jon boshiga daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Farg‘ona (14,5 foiz) va Navoiy viloyati (10,1 foiz) hamda Toshkent shahrida (9,8 foiz) kuzatilgan. Jizzax (2,9 foiz), Toshkent (3,3 foiz) va Sirdaryo viloyatlarida (3,4 foiz) aholining real daromadlari juda kam miqdorda o‘sgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51007 | Инструменты