Huawei 1
OTB O‘zbekistonning iqlimga moslashish islohotlari uchun 250 mln dollar ajratdi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston hukumatining iqlimga moslashish uchun institutsional tizimini mustahkamlash va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish choralarini tezlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 250 million dollar miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi.

Iqlimga o‘tish jarayonini tezlashtirish dasturi O‘zbekiston hukumatini islohotning uchta yo‘nalishida qo‘llab-quvvatlaydi:

  • muassasalarni va davlat moliya boshqaruvini mustahkamlash;
  • suv va yer resurslari boshqarishda, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy himoya tizimlarida iqlimga chidamlilikni oshirish;
  • transport va energetika kabi tarmoqlarda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish.

“Dastur ayni paytda aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlagan holda, iqtisodiyotni karbonsizlantirish va tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirishga ustuvor ahamiyat beradi. O‘zbekiston iqtisodiyoti energiyani eng ko‘p iste’mol qiladigan davlatlar sirasiga kiradi, shu bois dastur hukumatning 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari emissiyasini 35 foizga kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bunda, kamaytirishga qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish orqali erishiladi”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.

“O‘zbekistonning suv resurslari iqlim o‘zgarishi va samarasiz foydalanish tufayli jiddiy xavf ostida. Ushbu dastur suv xavfsizligini ta’minlash va mo‘rt ekotizimlarga tahdid solayotgan cho‘llanishning tezlashishiga qarshi kurashish uchun iqlim o‘zgarishini inobatga olgan holda sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish va suv resurslarini aqlli boshqarishga investitsiyalarni rag‘batlantiradigan qonunchilikning qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya.

“Dastur siyosatni muvofiqlashtirishni takomillashtirish, budjet resurslarini maqsadli taqsimlash hamda iqlim bilan bog‘liq xarajatlar va ko‘rsatkichlar uchun monitoring va hisobdorlikni kuchaytirish orqali iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq murakkab muammolarni hal qilishda hukumat salohiyatini oshirish uchun ishlab chiqilgan”, — dedi OTBning Davlat sektori bo‘yicha bosh mutaxassisi Xanif Raxemtulla.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111919 | Инструменты