Prezidentning 2022 yil 14 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni fuqarolarning axborotni erkin izlash va olishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash hamda faoliyatini ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Farmon bilan tasdiqlangan hujjatlarda Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoat kengashlari tuzish va uning imkoniyatlaridan keng foydalanish ko‘zda tutilgan.
Farmon ijrosi doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida Jamoatchilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur kengash a’zolari har ikki yilda yangilanib boriladi. Yaqinda o‘z faoliyatini yakunlagan kengash a’zolari o‘tgan ikki yil davomida izchil ishlarni amalga oshirdi.
– Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlariga ko‘maklashish, jamiyatda ochiqlikni ta’minlash yo‘lga qo‘yilishida faol ishtirok etdik, – dedi “Mening yurtim” telekanali jurnalisti Yulduz Ibragimova. – Xususan, oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonlarini bevosita kuzatdik. Qonun loyihalarini takomillashtirishda ishtirok etdik. Eng muhimi, jamoatchilik kengash a’zolari bildirgan takliflar qonunchilikda aks etib bordi. Idora va tashkilotlarda, joylarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tuzilgan jamoatchilik kengashlari faoliyati ham o‘rganildi. Ularda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashildi.
Shu kunlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yangilangan tarkibi o‘z faoliyatini boshladi.
Kengash tarkibiga bu safar jamoat tashkilotlari, xususan, ommaviy axborot vositalari xodimlari, biznes vakillari ko‘proq jalb qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111920 | Инструменты