Huawei 1
O'zbekiston va Avstriya o'rtasida energetika sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha muhim kelishuvlarga erishildi

O'zbekiston energetika vaziri Jo'rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi delegatsiyaning Venaga tashrifi davomida biznes muloqot tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Avstriya federal moliya vaziri o'rinbosari Andreas Rayxardt O'zbekistonda yoqilg'i-energetika sohasini takomillashtirish, toza va "yashil" energetikaga o'tish kabi loyihalarni amalga oshirishda Avstriya kompaniyalarini jalb qilish masalasida ko'maklashishga tayyor ekanligini aytdi.

Uchrashuvda O'zbekiston va Avstriya o'rtasida energetika sohasida hamkorlikning istiqbollarini o'rganish va ilg'or loyihalarni birgalikda amalga oshirish maqsadida o'zaro ishchi guruh tuzish masalasini har ikki tomon ham ma'qulladi.

Biznes muloqot yakunida O'zbekiston Energetika vazirligi va Avstriya Federal moliya vazirligi o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

 Norbert Shvars, "ANDRITZ HYDRO" kompaniya vitse-prezidenti:

— Bizning kompaniyamiz gidroenergetika sohasida dunyoda yetakchi o'rinlardan birini egallaydi. Kompaniya turbina yo'nalishida 185 yildan ziyod, generator yo'nalishida esa 125 yildan ziyod tajribaga ega. Bugungi kungacha biz dunyoning ko'plab davlatlariga quvvati 1-2 Megavattlik kichik stansiyalardan tortib, to 8 Megavattdan oshiq bo'lgan stansiyalarga turbinalarni yetkazib berganmiz.

Hozirgi kunda gidroenergetika sohasidagi ulkan salohiyatni inobatga olib, Markaziy Osiyo, jumladan O'zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildiryapmiz. Biz mamlakatingiz bilan gidroelektr stansiyalarni modernizatsiya qilib, ularni ishlash samaradorligini oshirish va yangi nasos stansiyalarni ishga tushurish loyihalari ustida ishlash niyatidamiz. Bugun O'zbekiston energetika vaziri bilan bo'lib o'tgan uchrashuv menda katta taasurot qoldirdi. Bunda biz istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalarini muhokama qildik.

 Klaus Valxer, "AFRY" kompaniyasi boshlig'i:

—Sanoat sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga ixtisoslashgan konsalting kompaniya vakili sifatida bugungi muloqotda men O'zbekistonning energetika sohasida olib borilayotgan ishlar to'g'risida juda ko'p ma'lumotga ega bo'ldim. Men energetika sohasidagi hamkorligimizni kengaytirish bo'yicha taqdimot qildim. O'ylaymanki, erishilgan kelishuvlarimiz asosida O'zbekistondagi faoliyatimizni kengaytiramiz va mamlakat rivojlanishida o'z hissamizni qo'shamiz.

Oskar Gruber, "ILF Group" kompaniyasi diretori:

— Kompaniyamiz muhandislik va boshqaruv sohalarida katta tajribaga ega. O'zbekistonda 2021-yilda o'z vakolatxonamizni ochganmiz. Toshkent-Samarqand yo'nalishidagi yo'l qurilishi, gaz sohasida "Master plan" ishlab chiqish loyihalarida ishtirok etayapmiz. Mamlakatingizda "yashil" energiya sohasini rivojlantirish yo'lida ko'maklashishga va ko'plab loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyormiz. Ushbu loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish uchun biz xalqaro moliya institutlari, Avstriya hukumati bilan faol ishlar olib bormoqdamiz.

Ditxard Kratser, "HOT Engineering" kompaniyasi rahbari:

—Bugungi tadbirda ishtirok etganimdan xursandman. O'zbekiston energetika vaziri bilan juda qiziqarli suhbat bo'lib o'tdi. O'zaro hamkorligimizning istiqbollari to'g'risida kelishib oldik. Yaqin kunlar ichida texnik mutaxassislar bilan birga O'zbekistonga safar qilishni rejalashtiryapmiz.

Manuel Mayer, "DENK GRÜN Recycling" kompaniyasi ijrochi direktori:

—Kompaniyamiz sanoat chiqindilaridan xom ashyo materiallari va "yashil" energiya ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Biz bu sohada dunyoning barcha davlatlaridagi zavodlarni boshqara olish tajribasiga egamiz. Mamlakatingiz bilan yangi loyihalar bo'yicha hamkorlik qilishga tayyormiz.

Yoxann Filxaber, "ASMAG" kompaniyasi asoschisi va ijrochi direktori:

—Mening kompaniyam po'lat va rangli metallardan elektrotexnika mahsulotlari va quyosh panellari ishlab chiqarishda qo'llaniladigan zamonaviy uskunalar ishlab chiqaradi. Ayniqsa, misni qayta ishlash yo'nalishida katta tajribaga egamiz. Elektr energiyasi tizimi kelajagida mis salmoqli o'rin egallashi bo'yicha barcha asoslar mavjud. O'zbekiston bu xom ashyoga boy bo'lganligi uchun mamlakatingiz bilan yangi loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishdan manfaatdormiz.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92809 | Инструменты