O‘zbekiston iqtisodiyoti faol o‘sishda davom etmoqda. Prognoz ijobiy deb baholanmoqda. Shu bilan birga, xavf ham, imkoniyatlar ham saqlanib qoladi. Yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, bufer zaxiralarini tiklash va tashqi shoklardan himoya qilish uchun makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va tizimli islohotlarni amalga oshirishni davom ettirish zarur. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasining Yasser Abdix boshchiligidagi missiyasining O‘zbekistonga 16—24-sentyabr kunlari amalga oshirgan tashrifi yakunlari bo‘yicha dastlabki xulosasida keltirilgan.
Iqtisodiyot o‘sish sur’atlari davom etmoqda. 2024-yilning birinchi yarim yilligida real YIM o‘sish sur’ati yillik 6,4 foizni tashkil etdi. May oyining boshida energiya resurslari narxlarining oshirilishiga javoban iste’mol narxlari indeksi umumiy inflyatsiyasi aprel oyi yakunlari bo‘yicha yillik 8 foizdan so‘nggi oylarda taxminan 10,5 foizgacha tezlashdi. Iste’mol narxlari indeksi bo‘yicha bazaviy inflyatsiya nisbatan barqaror bo‘lib, iyun oyidan avgust oyiga qadar yillik ko‘rsatkichda taxminan bir foiz punktga o‘sib, 7 foizni tashkil etdi.
2024-yilning dastlabki yetti oyida pul o‘tkazmalarining hajmi sezilarli darajada — yillik 32 foizga o‘sdi, xalqaro zaxiralar esa yetarli: avgust oyi yakunlariga ko‘ra, ular keyingi yilning to‘qqiz yarim oylik importiga teng bo‘ldi.
Prognoz ijobiy baholanmoqda, ammo imkoniyatlar bilan birga xatarlar ham saqlanib qolmoqda. Real YIM o‘sish sur’atlari yuqori bo‘lib qoladi, investitsiyalarning faol sur’atlari va tuzilmaviy islohotlar tufayli 2024 va 2025-yillarda 5,5 foizdan oshishi kutilmoqda.
Prognozlarga ko‘ra, iste’mol narxlari indeksi inflyatsiyasi qattiq pul-kredit va soliq-byudjet siyosati hamda energiya resurslari narxi o‘sishi ta’sirining kamayishiga javoban asta-sekin pasayib boradi. Joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 2024-yilda YIMning taxminan 6,25 foiziga, 2025-yilda esa 6,1 foiziga qisqaradi, shu jumladan, eksport va pul o‘tkazmalari hajmi katta bo‘lishi, 2023-yilda bo‘lgani kabi import qilinadigan mashina va uskunalarni bir martalik yirik xaridlardan voz kechish, shuningdek, byudjetni konsolidatsiya qilish hisobiga.
Prognoz yomonlashuvi xavflari qatoriga mintaqaviy geoiqtisodiy muammolar, xomashyo tovar narxlarining o‘zgaruvchanligi, jahon iqtisodiyoti o‘sishining kutilmagan global sekinlashuvi, davlat korxonalari va davlat-xususiy sheriklik bilan bog‘liq shartli majburiyatlarning yuzaga kelishi kiradi. Moliyaviy oqimlar va pul o‘tkazmalari hajmining ortishi, shuningdek, oltin narxining oshishi yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin.
XVJ O‘zbekiston hukumatining makro-moliya barqarorligini saqlash va iqtisodiy siyosat uchun zarur bo‘lgan zaxiralarni jamg‘arish bo‘yicha olib borilayotgan uzluksiz sa’y-harakatlarini yuqori baholagan.
Byudjet konsolidatsiyasi reja bo‘yicha ketyapti. 2024 va 2025-yillar uchun konsolidatsiyalangan byudjet taqchilligi maqsadlariga (YIMning 4,0 va 3 foizi mos ravishda) rasmiylar tomonidan xarajatlarni, ayniqsa, energiya subsidiyalarini samarali tarzda optimallashtirish, ijtimoiy xarajatlarning manzilli yo‘naltirish va maqsadli kreditlash hajmini qisqartirish tufayli erishiladi.
Biroq, oltin narxining yuqori bo‘lishi va tezkor iqtisodiy o‘sishga qaramay, oltin qazib olish sektoridan tashqaridagi kompaniyalardan undiriladigan QQS va korporativ daromad solig‘i past bo‘lishi tufayli daromadning YIMga nisbati pasayib ketishi prognoz qilinmoqda.
Soliq imtiyozlari va soliq majburiyatlarining kamayishi, ayniqsa, jadal rivojlanayotgan xizmatlar sohasida soliq solinadigan bazaning kengayishiga to‘sqinlik qilmoqda. Investitsiyalarni jalb qilish uchun soliq imtiyozlari qayta ko‘rib chiqilishi kerak, shunda ularning soliq bazasiga salbiy ta’sirini asta-sekin kamaytirish mumkin.
Shu bilan birga, soliq to‘lovchilar huquqlarini himoya qilish uchun tegishli kafolatlar berilishini ko‘zda tutgan holda, soliq idoralariga Soliq kodeksiga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha vakolatlarni kuchaytirish zarur.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122117 | Инструменты