Huawei 1
Sirdaryoda quvvati 1600 MVt bo‘lgan zamonaviy IES qurish loyihasi bo‘yicha bitim imzolandi

 «Sirdaryo viloyatida quvvati 1600 MVt bo‘lgan bug‘-gaz issiqlik elektr stansiyasini qurish» investitsiya loyihasi doirasida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va Fransiyaning “EDF”, Qatarning «Nebras Power»  va Yaponiyaning “Sojitz” kompaniyalari konsorsiumi o‘rtasida elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha bitim imzolandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Energetika vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, bitim 24-26 mart kunlari bo‘lib o‘tgan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi chog‘ida Konsorsium vitse-prezidenti Beatris Buffon xonim va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisi Dadajon Isaqulov tomonidan imzolandi.

Loyiha doirasida Sirdaryo viloyati, Shirin shahrida 55 gektar maydonda zamonaviy “H-class”dagi qo‘shma siklda ishlaydigan gaz va bug‘ turbinali issiqlik elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u 2026 yilning yanvar oyida ishga tushirilishi kutilmoqda.

Loyihaning yillik elektr energiya ishlab chiqarish quvvati 12 mlrd kVt.soatni tashkil etadi. Stansiyaning foydali ish koeffitsiyenti 60 foizdan yuqori bo‘ladi va buning natijasida yiliga 1,1 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Stansiya qurilishi davomida 2 ming 500 nafar, ishga tushgach esa 120 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ta'kidlanishicha, ushbu korxona Markaziy Osiyo va MDH davlatlarida ochiq tender savdolari orqali amalga oshirilayotgan eng yirik investitsiya loyihalaridan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro moliya korporatsiyasining texnik ko‘magida 2021 yilning 19 noyabr kuni o‘tkazilgan ochiq tenderda “EDF”- “NEBRAS”-“Sojitz” kompaniyalar konsorsiumi g‘olib chiqqan edi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga