O'zbekistonda 1-oktyabrdan “Tozalik va ozodalik” dolzarb ikki oyligi o‘tkaziladi

O‘zbekistonda “Tozalik va ozodalik” dolzarb ikki oyligi o‘tkaziladi. Bu prezidentning 23-sentyabrdagi “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirishga oid farmonida belgilangan.

Farmonga ko‘ra, 1-oktyabrdan respublikada tozalik va ozodalik dolzarb 2 oyligi o‘tkaziladi. Bunda 1-oktyabrdan boshlab yashil hududlar joylashuvini aniqlash, yerlarni tayyorlash, ko‘chat va butalar zaxirasini yaratish choralari ko‘riladi.

Ko‘chat va butalarni ekish mavsumi:

  • 1-noyabrdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida;
  • 5-noyabrdan Buxoro va Navoiy viloyatlarida;
  • 10-noyabrdan Andijon, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida;
  • 20-noyabrdan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida boshlanadi.
2027-yil 1-yanvardan “Yashil mahalla” loyihasi doirasida “Mahallani yashillashtirish” paketi joriy etiladi. Ushbu loyiha doirasida mahallalarga O‘rmon agentligi tomonidan o‘rmonchi-murabbiy xodim biriktiriladi.
Bunda “mahalla yettiligi” a’zolari o‘rmonchi-murabbiy tomonidan har ekish mavsumi boshlanishidan oldin bir marotaba qisqa o‘quv kurslarida o‘qitiladi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirish ishlari samaradorligi ekilgan daraxt va ko‘chatlarning keyingi holati asosida baholanishi belgilanmoqda.

Ekologiya qo‘mitasiga har bir mahalla kesimida ko‘chat turi, ekiladigan joyi va sug‘orish tizimi ko‘rsatilgan “yashil xarita”larni ishlab chiqish va ularni aholiga e’lon qilish topshirildi. Shuningdek, mahalla raislari bilan birgalikda har bir ko‘chadagi daraxt va ko‘chatlarning holatini muntazam kuzatish, qurish sabablarini aniqlash va bartaraf etish vazifasi belgilandi.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92712 | Инструменты