Huawei 1
O‘zsanoatqurilishbank: raqamlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda yangi bosqich

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 5-mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida bank tizimida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish orqali shaffof moliyaviy muhit yaratishga erishilganligi ta’kidlandi.

O‘zsanoatqurilishbank tizimida ham mazkur yo‘nalishda jadal ishlar olib borilib, salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Shu yilning 3-aprel kuni “O‘zsanoatqurilishbank: raqamlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda yangi bosqich” mavzuida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ana shu o‘zgarishlar va istiqboldagi rejalar keng muhokama qilindi.

Raqamlashtirish – ochiqlik va samaradorlik garovi

Bank tizimida raqamlashtirish nafaqat tezkor va qulay xizmat ko‘rsatish, balki korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida ham xizmat qiladi. Shu maqsadda O‘zsanoatqurilishbank yetakchi xalqaro moliya institutlari, jumladan, Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Natijada quyidagi innovatsion yechimlar joriy etildi:

“SQB Mobile” va “SQB Business” ilovalari ishga tushirildi. Hozirda 1,8 million jismoniy shaxs va 27 mingdan ortiq yuridik shaxs mazkur xizmatlardan keng foydalanmoqda.

• Kredit ajratishning markazlashtirilgan anderrayting tizimini joriy qilish hisobiga jismoniy shaxslarning kredit hujjatlari ko‘rib chiqilishi 1 soatdan 5 daqiqaga, yuridik shaxslarniki esa, 1 kundan 1 soatga qisqartirildi. E’tiborlisi, kredit ajratish jarayonini raqamlashtirish va avtomatlashtirish hisobiga korrupsion holatlar oldi olinib, byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi.

Xalqaro pul o‘tkazmalari sohasida SWIFT GPI-treking va SWIFT Payment Controls xizmatlari orqali shaffoflik va xavfsizlik ta’minlandi.

“CROBS” elektron deklaratsiya tizimi orqali xodimlarning manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha deklaratsiya topshirishi avtomatlashtirildi.

Tadbirkorlik subyektlari bilan bog‘liqlikni aniqlash bo‘yicha maxsus dastur (modul) yaratildi. Bu orqali bank xodimlarining korxonalar ustav kapitali va boshqaruvidagi ishtiroki doimiy monitoring qilib boriladi.

• Xarid jarayoni ishtirokchilari – kontragentlarni tekshirish doirasida 20 ta holatda xarid jarayoni tartib-taomillari buzilishi xavfi aniqlanib, bank manfaatlariga jami 66,7 mlrd. so‘m zarar yetkazilishining oldi olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurash – bankning ustuvor yo‘nalishi

O‘zsanoatqurilishbank korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini kuchaytirish maqsadida qator muhim chora-tadbirlarni amalga oshirdi:

• Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tashkil etilib, unga mustaqil nazorat vakolati berildi.

• Bank xalqaro standartlarga muvofiq ISO 37001-2016 antikorrupsiya sertifikatiga ega bo‘ldi.

30 nafar xodim Xalqaro komplayens assotsiatsiyasi (ICA, Buyuk Britaniya) kurslarini tugatib, xalqaro darajadagi sertifikat oldi.

3710 nafar xodim manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi va aniqlangan holatlar bartaraf etildi.

Bankning ochiqlik indeksi 2023-yilda 78,1 ball (2022 yilda – 71,1 ball) darajaga yetdi.

• 2023-yilda bank korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligi bo‘yicha 88 ball to‘pladi.

Shuningdek, bank tomonidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida jurnalistlar va blogerlar ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Bu esa, bank faoliyatiga oid axborotlarni keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yangi texnologiyalar va kelajak istiqboli

Matbuot anjumanida O‘zsanoatqurilishbank raqamlashtirish, komplayens-nazorat tizimini mustahkamlash va inson omilini kamaytirish orqali ochiq, shaffof va samarali bank tizimini shakllantirish maqsadida dadil qadam tashlayotgani qayd etildi. Xususan:

• Sun’iy intellekt yordamida risklarni boshqarish, kredit xavflarini kamaytirish va muammoli kreditlar ulushini 20-30 foizga qisqartirish;

Call-markazi faoliyatiga sun’iy intellekt (ovozli AI yordamchisi)ni joriy etib, xizmat ko‘rsatish xarajatlarini 20-30 foizga kamaytirish;

• kredit berish jarayonini to‘liq avtomatlashtirish, hujjatlarni tekshirish vaqtini keskin qisqartirish;

• jismoniy shaxslar ta’sischisi bo‘lgan korxonalarning kredit tarixi “qoniqarsiz”, “shubhali” yoki “umidsiz” deb tasniflansa, ularga kredit ajratishda avtomatik to‘sqinlik (stop faktor)ni ishga tushirish;

“SQB Business” va “SQB Mobile” ilovalari orqali bank xizmatlarini kengaytirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ushbu sa’y-harakatlar bank faoliyatining ochiqligini ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish va mijozlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50922 | Инструменты