Soliq qoʻmitasi intizomsiz soliq toʻlovchilar bilan Yevropada qo'llaniladigan tajriba oʻtkazadi
Soliq qoʻmitasi 2023-yil 1-oktyabrga qadar tajriba tariqasida QQS toʻlash boʻyicha soliq uzilishi aniqlanganda soliq nazorati tadbirlarini amalga oshirishi mumkinligi xabar qilindi.
QQS tovar (xizmat)lar realizatsiyasining har bir bosqichida soliq budjetga toʻlanishi zarur. Shuni amalga oshirish maqsadida intizomsiz soliq toʻlovchilar tomonidan QQSni noqonuniy qoplashni oldini olish boʻyicha tajriba oʻtkaziladi.
Xabarga ko'ra, bu Yevropa va MDH davlatlarida keng qoʻllaniladigan butunjahon amaliyoti ekanligi ta’kidlangan. Ushbu mamlakatlarning soliq maʼmurchiligida tovar (xizmat)larni yetkazib berish zanjirida QQS uzilishlari aniqlanganida, soliqni asossiz qoplashda nafga ega boʻlayotgan benefitsiarlarni aniqlash uchun bunday yetkazib berish jarayonlarida ishtirok etgan barcha shaxslarga nisbatan qatʼiy soliq nazorati tadbirlari oʻtkaziladi.
Alohida aytilishicha, ushbu tajriba doirasida oʻtkaziladigan soliq nazorati choralari ommaviy xarakterga ega boʻlmaydi. Biroq, soxta tadbirkor — soliq toʻlovchilar tomonidan QQSni byudjetga toʻlamaslik shart-sharoitlarining yaratilishi tovar (xizmat)larni yetkazib berish zanjirining barcha ishtirokchilarini, hatto ular bilan bogʻliq boʻlmagan insofli tadbirkorlarni, soliq huquqbuzarligi sodir etlishi mumkin boʻlgan xavf guruhiga kirib qolishiga olib kelmoqda.
Shu bois, soliq organlarining vazifasi haqiqiy benefitsiarlar hamda ularga aloqador shaxslarni va noqonuniy qoplangan soliqlarni aniqlashdan iborat. Tajriba keng jamoatchilik va ekspertlar hamjamiyatini jalb qilgan holda oʻtkaziladi va uning natijalari, jumladan, dastlabkilari OAVda yoritiladi, deyiladi xabar so'ngida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31607 | Инструменты